Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan yangi FIDE Excellence Awards mukofot dasturini ishga tushirishni e’lon qildi. Ushbu dastur jahon shaxmat hamjamiyatining asosiy yutuqlarini nishonlash uchun mo‘ljallangan.
Birinchi tantanali marosim 2026-yil sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan 46-shaxmat olimpiadasi vaqtida tashkil etiladi. Mukofot shaxmatchilar, federatsiyalar, tashkilotchilar, innovatorlar va shaxmatni rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan loyihalarni qamrab oladi.
FIDE prezidenti Arkadiy Dvorkovichning ta’kidlashicha, mukofot nafaqat sport natijalari, balki ta’lim, media, innovatsiyalar va turnirlarni tashkil etish sohasidagi ishlarni ham baholaydi. “Mukofot butun dunyoda shaxmatning o‘sishi va rivojlanishiga hissa qo‘shayotgan odamlar, tashkilotlar va tashabbuslarni nishonlash imkoniyatini beradi”, dedi u.
Mukofotlar oltita asosiy va beshta qo‘shimcha nominatsiya bo‘yicha topshiriladi. Asosiy nominatsiyalar: “Eng yaxshi shaxmatchi”, “Eng yaxshi shaxmatchi ayol”, “Eng yaxshi Round-Robin turniri”, “Eng yaxshi Open turniri”, “Eng yaxshi federatsiya” va “Eng yaxshi shaxmat tashabbusi”. Qo‘shimcha nominatsiyalar: “Eng yaxshi jamoa”, “Yilning yutug‘i”, “Yilning qaytishi”, “Imkoniyati cheklangan eng yaxshi o‘yinchi” va “Eng yaxshi kontent yaratuvchisi”.
Tanlov uch bosqichda o‘tadi: 2026-yil 1-30 iyun kunlari arizalar qabul qilinadi, hakamlar hay’ati qisqa ro‘yxatlarni tuzadi va finalchilar 15 iyulda e’lon qilinadi. G‘oliblar Samarqanddagi tantanali marosimda ma’lum bo‘ladi. Barcha shaxmat hamjamiyati vakillari rasmiy veb-sayt orqali ariza topshirishlari mumkin. Arizalarni qabul qilishning oxirgi muddati – 2026-yil 30 iyun.
Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida Samarqandda FIDE kongressida tashkilot rahbariyati saylovi bo‘lib o‘tadi.
Source: podrobno.uz