Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmagan bola mushuk bolasiga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgani aks etgan video tarqalgach, holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazildi.
Voqea 27-may kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi Aviasozlar-1 dahasida sodir bo‘lgan. 8 yoshli bola o‘ynab yurgan vaqtida mushuk bolasini to‘p bilan urib, uni zinadan tushirib yuborgan.
Tekshiruv natijasida bolaning 41 yoshli otasiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) asosida tegishli chora ko‘rilgan.
Shuningdek, bunday holatlar qayta takrorlanishining oldini olish maqsadida profilaktik suhbat o‘tkazilgani ma’lum qilindi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda (412 mingdan 2,06 mln so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘ladi.
Source: www.gazeta.uz