Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida Bo‘zsuv kanali oqimida oqib ketayotgan fuqaro Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) qutqaruvchilari tomonidan qutqarib qolindi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.
19-iyun kuni soat 13:00 atrofida Chirchiq shahridagi “Sharq” mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Bo‘zsuv kanali qirg‘oqlarida profilaktik xizmat olib borayotgan qutqaruvchilar suv oqimida harakatsiz holda oqib ketayotgan fuqaroni ko‘rib qolgan.
Qutqaruvchilar zudlik bilan suvga tushib, fuqaroni qirg‘oqqa olib chiqqan. Hushsiz holatda bo‘lgan fuqaroga voqea joyining o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
FVV ma’lumotiga ko‘ra, hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u o‘z ehtiyotsizligi oqibatida kanalga tushib ketgan. Suzishni bilmagani uchun kuchli suv oqimida oqib ketgan.
Source: www.gazeta.uz