Toshkentning Yangihayot tumanida 8-iyun kuni 47-raqamli avtobusda jinsiy zo'ravonlik holati sodir bo'ldi. Voqea metro bekatiga yaqin joyda yuz bergan.
34 yoshli L.A. ismli erkak yo'lovchi ayolning yonidan o'tayotganda qasddan qo'li bilan uning dumbasiga tegib ketgan. Jabrlanuvchi darhol huquq-tartibot organlariga murojaat qilgan.
Sudda erkak o'z aybiga to'liq iqror bo'lib, qilmishidan pushaymon ekanini bildirgan va bunday huquqbuzarliklarni takrorlamaslikka va'da bergan.
Yangihayot tumani jinoyat ishlari bo'yicha sudining qarori bilan L.A. Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 41-1-moddasida (Jinsiy zo'ravonlik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 5 sutka ma'muriy qamoq jazosiga hukm qilingan.
Jazo tayinlashda sud aybni tan olish, pushaymonlik, huquqbuzarning shaxsi, oilaviy va moddiy ahvoli, shuningdek, sodir etilgan huquqbuzarlik xususiyatini hisobga olgan.
Source: uznews.uz