Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

2016-yilda shvetsiyalik Erik Alstryom qo‘liga chiqindi xaltasini olib, Stokgolm bo‘ylab yugurishga chiqdi. Bugunga kelib 50 dan ortiq mamlakatda mavjud bo‘lgan harakat ana shunday boshlangandi. “Plogging” (Plogga) nomini harakatning hammuassisi Karina Svensson o‘ylab topgan. Bu nom shvedcha plocka upp (“terib olish”) va inglizcha jogging (“yengil yugurish”) so‘zlaridan olingan.

2026-yilning iyun oyida Alstryom O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan mamlakatda o‘tkazilayotgan Samarkand Marathon poygalar seriyasining eko-ambassadori sifatida Toshkentga tashrif buyurdi.

Plogginggacha Erik treylranning — tabiiy relef bo‘ylab yugurish olamida tanilgandi. U 30 yildan ortiq vaqt davomida Shvetsiyada sport musobaqalarini tashkil etgan: Kebnekaise Classic Alp tog‘ chang‘isi turniri, Åre Extreme Challenge multisport poygasi, 24 soatlik Sweden Sky Race ultramarafoni va boshqalar.

Alstryomda chiqindi yig‘ish odati Shvetsiya shimolidagi kichik tog‘-chang‘i qishlog‘i — Oreda paydo bo‘lgan. Bu qishloqda u qariyb 20 yil yashagan. O‘g‘lini maktabga kuzata turib, yo‘l-yo‘lakay oyog‘i ostida uchragan har qanday chiqindini terib ketardi. Asta-sekin u jamoaviy tozalash ishlarini tashkil qila boshladi va 20 yil ichida shaharcha sezilarli darajada o‘zgardi. U ikki million aholi yashaydigan Stokgolmga ko‘chib o‘tganida, farq juda katta edi.

Poytaxtda Erik chiqindi xaltasi bilan yugurishga chiqishni davom ettirdi — bu safar do‘stlari bilan birga. “Bu xuddi xazina oviga o‘xshardi. Biz yugurardik, kulishardik. Bizni ko‘rib, atrofdagilarda ham safimizga qo‘shilish istagi uyg‘onardi”, — deya xotirlaydi u.

Bir kuni Erik o‘z “o‘lja”sini suratga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirdi. Bu post katta qiziqish uyg‘otdi — odamlar izohlarda hazillashib, yangi sport turiga nomlar taklif qildi. G‘oya ommalasha boshladi, uni yirik sport brendlari ham qo‘llab-quvvatladi. Shvetsiyada o‘nlab mahalliy guruh paydo bo‘ldi. Yangi harakat xorijiy telekanallar diqqat markaziga tushdi. Asta-sekin plogging mamlakat chegarasidan tashqariga chiqdi.

Harakat asoschisining so‘zlariga ko‘ra, ploggingdagi asosiy to‘siq jismoniy tayyorgarlik emas, balki stigmalar. Ko‘plab madaniyatlarda chiqindini, ayniqsa, boshqalar qoldirib ketgan chiqindini yig‘ib olishga uyatli ish sifatida qaraladi.

“Bunday his deyarli hamma joyda bor. Ko‘plab madaniyatlarda bu senning ishing emas, boshqa birovning ishi deb hisoblashadi. Lekin bu ishni tabassum bilan qilishni boshlasangiz, odamlarga nima qilayotganingizni aytsangiz — stigma yo‘qoladi. Buni guruh bo‘lib qilish esa ancha oson”, — deydi Alstryom.

Ploggingni Ericsson kabi yirik brendlar qo‘llab-quvvatlaydi. Alstryomning fikricha, buning zamirida yotgan narsa faqatgina imij emas. “Ericsson butun dunyo bo‘ylab biz bilan ishlaydi — men ularning jamoalari bilan Bogota, Mexiko, Dehlida uchrashganman. Ular bu ishga chinakamiga bosh qo‘shgan va shved kompaniyasi sifatida shved harakatini qo‘llab-quvvatlayotganidan faxrlanadi”, — deydi u.

Biroq hamma voqealar ham bunday bo‘lavermaydi. Bir kuni Shvetsiyadagi yirik texnologik kompaniya bilan plogging o‘tkazayotgan plogger ularning ofisidagi korporativ muzlatkichni ochib ko‘radi. “Muzlatkich bir martalik plastik idishlar, stakanlar, yetkazib beriladigan taomlarga to‘la edi. G‘alati hissiyot paydo bo‘ldi — go‘yo ularning ishtiroki yuzakidek. Shunchaki bunday tadbirlar uchun budjet ajratilganu, ular o‘shani sarflagan, xolos”, — deya eslaydi Erik.

Alstryomning so‘zlariga ko‘ra, u tashrif buyurgan barcha mamlakatlarda chiqindi muammosi mavjud. Biroq uni eng ko‘p hayratda qoldirgan narsa shundaki, qayta ishlab chiqarish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan mamlakatlarda “odamlar ba’zan hamma sharoit yaratilgan joylarga qaraganda bu jarayonga ko‘proq jalb qilingan bo‘lib chiqadi”.

Erik uch hafta bo‘lgan Hindistonda chiqindilarni boshqarishning markazlashgan tizimi deyarli yo‘q. Lekin ba’zi qishloqlarda odamlar organik chiqindilarni boshqalaridan ajratib, o‘sha yerning o‘zida kompostlay boshlabdi. Alstryomning aytishicha, bu usul ish berayotgan ekan: oziq-ovqat chiqindilari boshqa narsalar bilan aralashib ketmasdan, yerga qaytarilmoqda.

U Zimbabve haqida ham shunga o‘xshash voqeani aytib berdi. U yerda mahalliy aholi ertalab soat oltida sohilga yig‘ilib, raqsga tushar, bayram qilar ekan. Ular ploggerlar bilan birga plastikka to‘lib ketgan qirg‘oqni tozalabdi.

“Yaponiyada yondashuv boshqacha — u yerdagi ko‘chalarda chiqindi idishlari umuman yo‘q. Odamlar bir butilka suv sotib olar ekan, uni uyga olib borib, [idishini chiqindi sifatida] saralash kerakligini biladi. Ular nafaqat ichidagi narsani, balki mahsulotning butun hayotiy siklini sotib oladi”, — deya davom etadi u.

O‘zbekistonda hasharlar an’anasi — jamoaviy tozalash ishlari bor. Hashar paytida aholi birgalikda hovli, ko‘cha va mahallalarni tartibga keltiradi. Nazarimda, agar odamlar bunga tayyor bo‘lsa, muammo o‘z-o‘zidan hal bo‘ladigandek. Biroq Alstryom bir martalik tadbir bilan kundalik odat o‘rtasiga chegara qo‘yadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xohishning o‘zi kamlik qiladi — ta’lim, shaxsiy mas’uliyat va doimiy ko‘z o‘ngimizda turadigan namunalar kerak bo‘ladi.

Erik misol tariqasida 1980-yillardagi Nyu Yorkni keltirdi. O‘sha paytlarda shaharda har kuni jinoyatlar sodir etilar, metro esa iflos va xavfli edi. Metropoliten rahbariyati faqat politsiyani kuchaytirishga e’tibor qaratish o‘rniga, tartibni saqlashga alohida urg‘u berdi: xodimlar har kuni vagonlardagi graffitilarni yuvib tashlar, o‘rindiqlarni ta’mirlar, singan chiroqlarni almashtirardi. Birorta ham poyezd depodan iflos holatda chiqmasdi. Asta-sekin jinoiy vaziyat yaxshilandi, aholi esa o‘z shahrini ko‘proq qadrlay boshladi. Bu tajriba ko‘pincha singan oyna nazariyasi bilan bog‘lanadi: agar bitta singan oyna almashtirilmasa, tez orada butun oyna qolmaydi. Tartibsizlik tartibsizlikni, tozalik esa tozalikni keltirib chiqaradi.

Erik Toshkentni o‘zi bo‘lgan 46 mamlakat orasidagi eng toza shaharlardan biri deb atadi, biroq, uning tan olishicha, bu yerdagi axlat qutilari juda kichik va tez to‘lib qoladi. Odamlar paketlarni uning yoniga qo‘yadi, keyin esa shamol va qushlar chiqindini atrofga sochib yuboradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, infratuzilma muhim, lekin, eng avvalo, odamlarning xulq-atvori o‘zgarishi kerak.

“Eng ko‘p tozalanadigan shaharlar emas, eng kam axlat tashlanadigan shaharlar eng toza shaharlardir”, — deydi u ishonch bilan.

O‘zbekistonda Alstryom Tashkent Ploggers hamjamiyati bilan birga yugurishga chiqdi. Ishtirokchilar zanjir bo‘lib harakatlandi: birlari butilkalarni terib olsa, boshqalari ularning qopqoqlarini yechdi, yana boshqalari esa chiqindilarni turli xaltalarga soldi. Bukhara Night Race poygasidan so‘ng xuddi shu tarzda 16 kilogramm plastmassa yig‘ilib, qayta ishlash uchun mahalliy Ecojon Lab ustaxonasiga yuborildi. Eritilgan materialdan plogging ishtirokchilari uchun medallar tayyorlandi. Har bir medal betakror chiqdi — bitta medal uchun 16 ta qopqoq ketdi.

Erikning tan olishicha, u yugurish paytida chiqindilarni saralashning bu darajada tashkil etilganini hech qayerda ko‘rmagan ekan.

U har yili Italiyaning kichik shahar va qishloqlarida o‘tkaziladigan plogging bo‘yicha Jahon chempionatida qatnashadi. Turli mamlakatlardan kelgan jamoalar bir necha soat davomida chiqindilarni terib yuguradi, marrada esa bosib o‘tilgan masofa emas, balki yig‘ilgan chiqindilar tabiatga yetkazishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy zarar baholanadi. Masalan, batareya plastik idishdan xavfliroq, chunki u tuproqni ifloslantiradi.

Plogging asoschisi shunday chempionatni O‘zbekistonda o‘tkazishni orzu qilishini bildirdi. Bunga Zaamin Ultra, Samarqand marafoni yoki Bukhara Night Race kabi har qanday yugurish musobaqasi asos bo‘lishi mumkin. Ishtirokchilar odatdagidek yuguradi, lekin yo‘l-yo‘lakay chiqindilarni terib boradi, marrada esa o‘z “o‘lja”larini solishtiradi.

“Inson hech bo‘lmaganda bir marta yerdan nimanidir terib olsa, atrof-muhitga boshqacha ko‘z bilan qaray boshlaydi. O‘zi kamroq chiqindi tashlab, boshqalarga o‘rnak bo‘ladi”, — deya xulosa qildi u. Va qo‘shib qo‘yadi: “Yugur, lekin maqsad bilan yugur”.

Source: www.gazeta.uz