Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi ma'lumotlariga ko'ra, fevral oyida poytaxt avtobuslarida chiptasiz yurgan 10 280 yo‘lovchiga ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Yil boshidan buyon esa bu ko‘rsatkich 21 782 taga yetdi. Yanvar oyida 11 502 yo‘lovchi jarimaga tortilgan edi.
"Toshkent shahar jamoat transportini monitoring va nazorat qilish" davlat muassasasi tomonidan chiptasiz yo‘lovchilarga qarshi reydlar davom etmoqda. Muassasa yo‘lovchilarni yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lashga chaqirdi.
Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, chiptasiz yurish uchun jarima 41 200 so‘mni tashkil etadi. Chiptasiz yurganlarni jarimaga tortish 2025-yil 14-martdan boshlangan.
2025-yilda Toshkent avtobuslaridan olingan daromad 16% o'sib, 644 mlrd so‘mga yetdi. Avtobuslar harakat intervali 8-10 daqiqaga qisqardi, kunlik yo‘lovchi oqimi esa 1,4 million nafargacha ko‘paydi.
Source: www.gazeta.uz