Qozog‘iston hukumati qo‘shni davlatlardan kelayotgan yengil va yuk transporti uchun davlat chegarasini kesib o‘ish chastotasiga cheklov kiritdi. Bu haqda hukumat brifingida Qozog‘iston energetika vaziri o‘rinbosari Qayirxon Tutqishboyev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi buyruq yoqilg‘i quyish maqsadida davlat chegarasini bir martadan ortiq kesib o‘ishni taqiqlaydi. «Bugungi kunda mamlakatimiz hududiga bir martadan ortiq kirishni taqiqlovchi buyruq mavjud. Bu barcha chegara hududlarimizga tegishli», — dedi Qayirxon Tutqishboyev.
Ushbu chora yoqilg‘ining noqonuniy olib chiqilishiga qarshi kurashish va neft mahsulotlarini ichki iste’mol muvozanatini saqlash uchun qabul qilingan. Ayniqsa, yoqilg‘i-moylash materiallarini noqonuniy olib chiqish uchun foydalaniladigan qo‘shimcha yoqilg‘i baklari bo‘lgan avtomobillarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qozog‘iston hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon avtomobil o‘tish punktlarida umumiy hajmi 40 ming litrdan ortiq bo‘lgan 593 ta neft mahsulotlarini olib chiqish urinishining oldi olindi. So‘nggi ikki kun ichida chegarachilar qo‘shimcha yoqilg‘i baklari va kanistrlarda 3 tonnadan ortiq yoqilg‘i-moylash materiallarini olib chiqishga bo‘lgan yana 61 urinishning oldini oldi.
Hukumat, shuningdek, Qozog‘iston neftni qayta ishlash zavodlari odatdagi rejimda ishlayotganini va mavjud benzin, dizel va aviatsiya yoqilg‘isi zaxiralari ichki talabni qondirish uchun yetarli ekanligini ta’kidladi. Energetika vaziri Erlan Aqqenjenovning so‘zlariga ko‘ra, yoqilg‘i-moylash materiallarini ishlab chiqarish va yetkazib berish holati hukumat tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda.
Source: uznews.uz