Rossiya hukumati dizel yonilg‘isi, kema yonilg‘isi va gazoyl eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy etdi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak prezident Vladimir Putinning hukumat a’zolari bilan yonilg‘i bozoridagi vaziyatga bag‘ishlangan yig‘ilishida ma’lum qildi.
Rossiya hukumati matbuot xizmatining xabar berishicha, cheklovlar 31-iyulga qadar amal qiladi va endilikda neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga ham taalluqlidir (ilgari cheklovlar faqat dizel ishlab chiqarmaydigan subyektlarga tegishli edi).
Ushbu qaror ichki bozordagi barqarorlikni ta’minlash zarurligi bilan izohlanmoqda. Taqiq, xususan, xalqaro hukumatlararo bitimlar doirasida dizel yonilg‘isini yetkazib berish holatlariga daxl qilmaydi.
Novak ichki bozorda yonilg‘i bilan bog‘liq vaziyat “murakkab” bo‘lib qolayotganini, yonilg‘iga bo‘lgan talab esa uchdan bir qismga oshganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya iyul oyidan neft mahsulotlarini import qila boshlaydi. Shu maqsadda hukumat neft mahsulotlari va qo‘shimchalari importiga nol stavkadagi bojxona bojini yana bir yilga uzaytirdi, shuningdek, import yonilg‘isi uchun temiryo‘l tariflariga chegirmalar berish imkoniyatini “Rossiya temir yo‘llari” bilan birgalikda ishlab chiqdi.
“Iyul oyida, shuningdek, neft mahsulotlari importini boshlaymiz va ekologik klasi pastroq bo‘lgan neft mahsulotlari hisobiga qo‘shimcha ishlab chiqarish hajmini oshiramiz”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.
U, shuningdek, hukumat neftni qayta ishlash zavodlaridagi ta’mirlash ishlarining bir qismini kechroq muddatlarga ko‘chirganini ma’lum qildi. Yirik neft kompaniyalari hududlarga, birinchi navbatda, asosan mustaqil avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari faoliyat yuritadigan joylarga qo‘shimcha yonilg‘i yetkazib berishni boshladi.
May oyi oxiridan Rossiyaning qator hududlarida benzin va dizel sotuviga cheklovlar joriy etila boshlagandi. Qrim va Sevastopolda fuqarolar hamda yuridik shaxslarga yonilg‘i berish vaqtincha cheklab qo‘yildi, AYOQSHlarda birinchi navbatda davlat xizmatlari mashinalariga yonilg‘i quyildi.
Iyul oyi boshida Rossiya hukumati ayrim neftni qayta ishlash zavodlariga 2026-yilning oxirigacha tarkibida oltingugurt miqdori yuqori bo‘lgan, pastroq standartdagi “Yevro-3” yonilg‘isi aylanmasiga ruxsat berdi.
O‘zbekiston uchun Rossiya yonilg‘i bozoridagi vaziyat dizel bilan ta’minlashda importning o‘rni yuqoriligi sababli muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Joriy yilning dastlabki olti oyida mamlakatga dizel yonilg‘isi importi 18,7 foizga kamayib, 283 ming tonnani tashkil etdi. Yetkazib berish qiymati 11,1 foizga — 257,5 million dollardan 228,9 million dollargacha pasaydi, bunda o‘rtacha import narxi 9,4 foizga oshib, bir tonna uchun 809 dollarni tashkil qildi.
Iyun oyida O‘zbekistonga dizel yonilg‘isining jismoniy importi 2800 tonnagacha tushib ketdi — bu o‘tgan yilning iyun oyidagiga nisbatan 18,7 baravar kam demakdir. Taqqoslash uchun, may oyida 42,7 ming tonna, aprelda esa 39,5 ming tonna yonilg‘i olib kirilgandi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov o‘tgan yilning dekabr oyida kuz-qish davrida dizel yonilg‘isiga bo‘lgan talab 776 ming tonnani tashkil etishini ma’lum qilgandi. Ushbu ehtiyojni qoplash uchun 740 ming tonna yetkazib berish ko‘zda tutilgan bo‘lib, shundan 227 ming tonnasi yoki qariyb 30 foizi import hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Yanvar-may oylarida 476,4 ming tonna dizel yonilg‘isi ishlab chiqarildi — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,9 foizga ko‘pdir. May oyida esa ishlab chiqarish hajmi yillik hisobda 17,8 foizga kamayib, 95,4 ming tonnani tashkil etdi.
Source: www.gazeta.uz