Hozirda Qirg‘iziston hududida tunnellar, ko‘priklar va boshqa infratuzilma ob’ektlari qurilmoqda.
Bu haqda 24.kg nashri Qirg‘iziston Transport va kommunikatsiyalar vazirligiga tayanib xabar berdi. Vazirlikda Xitoy Davlat temir yo‘l korporatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar loyiha amalga oshirilishi va temir yo‘l qurilishining keyingi bosqichlarini muhokama qildi. Uchrashuvda transport vaziri o‘rinbosari Almaz Turg‘unboyev va Xitoy Davlat temir yo‘l korporatsiyasi boshqaruvi a’zosi Van Sin’si ishtirok etdi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha bo‘yicha asosiy xalqaro va investitsion shartnomalar imzolangan. Bosh pudratchi belgilangan, moliyalashtirish masalalari hal qilingan. Hozirda tunnellar, ko‘priklar va boshqa infratuzilma ob’ektlari qurilmoqda.
Qirg‘iz tomoni qurilishga mahalliy mutaxassislarni jalb qilish, mamlakatda ishlab chiqarilgan materiallardan foydalanish va ekologik talablarga rioya qilish zarurligini ta’kidladi. Uchrashuvda ikki mamlakat vakillari loyihani amalga oshirishda shaffoflik muhimligini ta’kidlab, belgilangan muddatlarda qurilishni yakunlash uchun hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li mintaqadagi eng yirik infratuzilma loyihalaridan biridir. Umumiy uzunligi taxminan 480 kilometrni tashkil etadi, shundan 304 kilometrdan ortig‘i Qirg‘iziston hududidan o‘tadi.
Yangi temir yo‘l koridori Yevroosiyo qit’a ko‘prigining janubiy bo‘g‘ini bo‘lib, Janubi-Sharqiy, G‘arbiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga yo‘l ochishi kutilmoqda. Ushbu yo‘nalish Xitoydan Qirg‘izistonga, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlariga, jumladan Turkiya va undan keyin Yevropa Ittifoqiga yuklarni yetkazib berishni ta’minlay oladi.
Source: kun.uz