22 yoshli futbolchi Abdukodir Husanov Minskda Belarus sport vaziri Sergey Kovalchuk, mamlakat futbol federatsiyasi rahbariyati va birinchi katta murabbiyi Anatoliy Yurevich bilan uchrashdi. Aynan Yurevich rahbarligida Husanov «Energetik-BGU»da faoliyatini boshlagan edi — bugungi kunda bu klub SKA-1938 nomi bilan chiqish qilmoqda.
Himoyachi murabbiyiga minnatdorchilik bildirib, Belarus chempionati uning uchun muhim bosqich bo‘lganini ta’kidladi: «Men hamma narsani juda yaxshi eslayman. Anatoliy Ivanovichga rahmat. Uning yordami bilan bu yerga keldim, keyin «Lans»ga o‘tdim. U va Belarus chempionati menga juda ko‘p yordam berdi. Eng ko‘p nimani eslayman? Anatoliy Ivanovichning meni qanday tanbeh berganini», — dedi Husanov tabassum bilan.
Yurevich esa sobiq shogirdining xarakteri, mehnatsevarligi, doimiy o‘rganish va o‘z ustida ishlash qobiliyatini alohida qayd etdi.
Abdukodir o‘zining tug‘ilgan klubiga ham tashrif buyurdi. «Stayki» respublika o‘quv-mashg‘ulot markazida u SKA-1938 ning hozirgi futbolchilari bilan uchrashdi — bu yosh o‘yinchilar uchun mavsum qolgan qismiga katta motivatsiya bo‘ldi. Husanov ularga bir necha yil ichida Belarus oliy ligasidan Angliya Premer-ligasining gigant klubi asosiy tarkibiga qanday o‘tganini aytib berdi va Belarus bosqichi uning jahon futbolidagi yo‘lida eng muhim poydevor bo‘lganini ta’kidladi.
Klub Abdukodirga jonli muloqot va yosh o‘yinchilarga bergan pand-nasihatlari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Sport vaziri bilan uchrashuv xotirasiga Husanov Sergey Kovalchukga o‘z imzosi bilan «Manchester Siti»ning nomli futbolkasini sovg‘a qildi.
Eslatib o‘tamiz, Abdukodir «Energetik-BGU»da 2022 yildan to‘p surgan, keyin Fransiyaning «Lans» klubiga o‘tgan. 2025 yil yanvarida himoyachi «Manchester Siti» futbolchisiga aylandi.
Source: uznews.uz