Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ufa shahridagi Oktyabr tuman sudi 28 yoshli O‘zbekiston fuqarosi ustidan hukm chiqardi. U Shacman rusumli og‘ir yuk mashinasini boshqarib, Ufa shossesida 12 ta avtomobil ishtirok etgan yirik yo‘l-transport hodisasiga sabab bo‘lgan. Halokat natijasida uch kishi hayotdan ko‘z yumdi, yana bir yo‘lovchi og‘ir tan jarohati oldi. Sud ayblanuvchini aybdor deb topib, uni 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Tergov aniqlaganidek, hodisa 2025-yil oktabr oyida sodir bo‘lgan. Haydovchi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan holda yuk tashish bilan noqonuniy shug‘ullangan. Mashina tormoz tizimida nosozlik bo‘lishiga qaramay, u texnik ko‘rikdan o‘tkazmagan. Yo‘l davomida ham avtomobilning nosozligini bartaraf etmagan va yukni haddan tashqari ortiqcha yuklagan.

Bundan tashqari, haydovchi belgilangan tezlikni oshirib yuborgan, og‘ir yuk mashinasining xususiyatlarini va yo‘l sharoitini hisobga olmagan. Ufa shossesi va Chudskaya ko‘chasi chorrahasida u boshqaruvni yo‘qotgan. Natijada samosval bir yo‘nalishda ketayotgan 12 ta avtomobil bilan to‘qnashgan.

Sud haydovchini Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 264-moddasi 6-qismi “v” bandi — transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzish, ikki va undan ortiq kishining o‘limiga olib kelish — bo‘yicha aybdor deb topdi. Unga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, jazoni koloniya-poseleniyada o‘taydi. Shuningdek, uch yil davomida transport vositalarini boshqarish bilan bog‘liq faoliyat bilan shug‘ullanish taqiqlandi.

Avvalroq AQShda ikki O‘zbekiston fuqarosi noqonuniy ravishda uzoq masofali yuk tashish bilan shug‘ullanganliklari uchun hibsga olingan edi.

Source: podrobno.uz