Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Komo ko‘li sohilidagi Kadenabbiya shahrida Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy dasturi tomonidan tashkil etilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondan ekspertlar, parlament a’zolari hamda olimlar ishtirok etib, xavfsizlik, tashqi siyosat, suv va iqlim, transport, iqtisodiyot hamda mintaqaviy o‘ziga xoslik masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv ramziy ahamiyatga ega edi, chunki bu joyda Germaniyaning birinchi kansleri Konrad Adenauerning yozgi qarorgohi bo‘lgan va u yerda Sharl de Goll bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rilgan. Bu uchrashuv Germaniya va Fransiya o‘rtasidagi yarashuvga zamin yaratgan edi. Endi esa xuddi shu yerda Markaziy Osiyo o‘z kelajak formulasini izlamoqda.

Mintaqaga bo‘lgan qarash asta-sekin o‘zgarmoqda. Ilgari Markaziy Osiyoga chetdan, yo‘nalishlar, chegaralar va yirik davlatlar manfaatlari orqali qarash odatiy hol edi. Endi esa ichkaridan qarash tendensiyasi kuchaymoqda: o‘zimizni nima bog‘lab turadi, birgalikda nimalar qila olamiz va kelajagimizni qanday ko‘rishni istaymiz? Bu eng sezilarli o‘zgarishlardan biridir.

Iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham mintaqaviy bog‘liqlikning iqtisodiy qiymat yaratayotganini ko‘rsatmoqda. Markaziy Osiyoning beshta davlati yalpi ichki mahsuloti taxminan 520 mlrd dollarga yetdi va so‘nggi sakkiz yilda qariyb 2,5 barobar o‘sdi. O‘zaro savdo hajmi 11 mlrd dollarga yaqinlashdi, o‘zaro investitsiyalar esa 5,6 barobar oshdi. Endi mintaqa uchun shunchaki transport habi bo‘lish yetarli emas; tovarlarni nafaqat o‘tkazish, balki ishlab chiqarish, qo‘shilgan qiymat yaratish va texnologik salohiyatni rivojlantirish muhim.

Uchrashuvda iqtisodiy makonni, ayniqsa qo‘shma loyihalarni sanksiya bosimidan himoya qilishning yagona huquqiy standartlarini ishlab chiqish masalasi ko‘tarildi. Tashqi hamkorlik ko‘pincha tanlov sifatida ko‘riladi, ammo Markaziy Osiyo uchun muqobillik emas, qo‘shimcha imkoniyat yaratish mantiqiyroq. Yangi transport koridori mavjud yo‘nalishni almashtirishi shart emas, balki muqobil yo‘l bo‘lishi mumkin. Bu mintaqaviy avtonomiya va subyektlikka olib boradi.

Mintaqa davlatlari o‘z muammolarini hal qilish mas’uliyatini tobora ko‘proq o‘z zimmasiga olmoqda. Suv energetika bilan, transport qo‘shni davlatlar infratuzilmasi bilan bog‘liq, iqlim va ekologik muammolar esa chegarasizdir. Kiberxavflar ham dolzarb. Agar muammo mintaqaviy tus olsa, uni hal qilish mas’uliyati ham mintaqaviy bo‘lishi kerak. Bu borada chegaralar bo‘yicha uch tomonlama kelishuv va Xo‘jand deklaratsiyasi yaqqol misoldir.

Uchrashuvda parlamentlar va fuqarolik jamiyatining roli, ayollar va yoshlar platformalari, talabalar almashinuvi hamda madaniy loyihalar muhokama qilindi. Odamlar rasmiy institutlarga qaraganda tezroq yaqinlashadi. Bir oila a’zolari ko‘pincha chegaraning ikki tomonida yashaydi, talabalar qo‘shni davlatlarda ta’lim oladi, Jahon chempionati vaqtida esa Markaziy Osiyo aholisi O‘zbekiston terma jamoasiga muxlislik qildi. Mintaqaviy yaqinlashuv uchun umumiy madaniy yo‘nalishlar, qulay safarlar va mintaqaviy media maydonchalari kabi "yaxshi qo‘shnichilikka yo‘l ko‘rsatuvchi mayoqlar" kerak.

Mintaqaviy o‘zlikni shakllantirish masalasi ham muhokama qilindi. Bizni bir mintaqa sifatida nima birlashtiradi? degan savol tug‘ilmoqda. Bunday fikrlar eski stereotiplar bilan bog‘lanmagan avlod vakillarida ko‘proq paydo bo‘lmoqda. Ular mintaqa kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerak.

Tarix masalasi ham muhim. Markaziy Osiyoning umumiy, murakkab va chambarchas bog‘langan tarixi bor, ammo har bir davlat uni o‘z milliy nuqtai nazaridan talqin qiladi. Mintaqaviy o‘zlik uchun beshta davlat olimlari birgalikda Markaziy Osiyo tarixini yozishi kerak, ammo yangi "to‘g‘ri" o‘tmish versiyasini yaratish uchun emas, balki farqlar bilan birga bizni bog‘lab turgan jihatlarni ko‘rish uchun. Umumiy xotira mavjud, faqat uni birgalikda o‘qish kerak.

Mintaqaviy umumiylikni deklaratsiyalardan kundalik amaliyotga o‘tkazish zarurati ta’kidlandi. Markaziy Osiyo qat’iy millatlararo tuzilma yaratish yoki tashqi dunyoga qarshi qo‘yish tomon emas, balki turli davlatlarni turli manfaatlar va loyihalar bog‘laydigan tarmoqli hamkorlik makonini yaratish tomon harakatlanmoqda. Savdo, transport, energetika, suv, xavfsizlik, ta’lim, madaniyat va insonlararo aloqalar orqali mintaqa zichlashadi. Tarmoqli modelning afzalligi shundaki, yagona umumiy tuzilma shart emas; davlatlar bir masalada hamkor, boshqasida raqobatchi bo‘lishi mumkin, ammo tarmoq rivojlanishda davom etadi.

Adenauer davrida Yevropa murakkab qo‘shnichilikni hamkorlik tizimiga aylantirishni o‘rgandi. Markaziy Osiyo o‘z yo‘lidan boradi va boshqalar modelini ko‘chirmasligi kerak. Ammo g‘oya universal: barqarorlik davlatlar qo‘shnichilikni faqat xavf manbai emas, balki manfaat va rivojlanish manbai sifatida ko‘ra boshlagan joyda yuzaga keladi. Bugun Markaziy Osiyoda aynan shu jarayon kechayotgandir: qo‘shnilar nafaqat nizolashmaslikni, balki birgalikda nimadir yaratishni o‘rganmoqda. Asosiy savol Markaziy Osiyo qaysi kuch markaziga yaqinroq bo‘lishi emas, balki o‘z tanlovi doirasini qay darajada kengaytira olishidir. Bu keyingi qadam — davlatlarning ko‘p vektorliligidan mintaqaviy avtonomiya va subyektlikka o‘tish.

Source: www.gazeta.uz