Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Rossiyaning Penza viloyatida joylashgan «O'rta Osiyo – Markaz» magistral gaz quvurida ro'y bergan favqulodda hodisa mamlakatimizga ko'k yoqilg'i yetkazib berish jarayoniga putur yetkazmadi. Bu haqda O'zbekiston Energetika vazirligi vakili Adham Amanov ma'lum qilib, vaziyat nazorat ostida ekanini ta'kidladi.

Favqulodda hodisa 13-oktabr kuni Penza viloyatining Belinskiy tumanidagi Volchkovo qishlog'i yaqinida kuzatilgan edi. Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining dastlabki taxminlariga ko'ra, avariyaga texnologik jarayonlarning buzilishi sabab bo'lgan va natijada quvur yorilib ketgan.

Voqea joyida balandligi taxminan 70 metrgacha yetgan shiddatli mash’alali yong'in boshlangan, shuningdek, atrofvdagi quruq o'tlar ham yonib ketgan. Shoshilinch xizmatlar darhol shikastlangan uchastkani to'sib qo'yishga erishdi. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, jabrlanganlar va halok bo'lganlar yo'q.

Mazkur quvur umumiy uzunligi qariyb besh ming kilometr bo'lgan «O'rta Osiyo – Markaz» tizimiga kiradi. Dastlab bu magistral Turkmaniston va O'zbekistondan Qozog'iston orqali Rossiyaga gaz tashish uchun foydalanilgan bo'lsa, 2023-yil oktabridan boshlab tizimning bir qismi teskari rejimga o'tkazilib, Rossiya gazi Qozog'iston orqali O'zbekistonga yetkazib berilmoqda.

Source: podrobno.uz