Sankt-Peterburg shahri maʼmuriyati tomonidan migrantlar mehnatini tartibga solish boʻyicha navbatdagi keskin qadam tashlandi. Gubernator Aleksandr Beglovning qaroriga muvofiq, 2026-yil oxirigacha chet ellik ishchilarni patent asosida jalb qilish taqiqlangan sohalar roʻyxati sezilarli darajada kengaytirildi.
Kiritilgan yangi cheklovlarga koʻra, shahardagi chakana savdo doʻkonlari, goʻzallik salonlari, sartaroshxonalar, shuningdek, jismoniy tarbiya, sogʻlomlashtirish va tibbiyotning ayrim yoʻnalishlari, jumladan massaj salonlari hamda sanatoriylarda patent asosida mehnat qiluvchi chet elliklarni ishga jalb qilish butunlay taqiqlandi.
Shu bilan birga, rasmiy maʼlumotlarga koʻra, mazkur cheklovlar Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo davlatlar — Belarus, Qozogʻiston, Armaniston va Qirgʻiziston fuqarolariga, shuningdek, maxsus ishlash ruxsatnomasiga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassislarga tatbiq etilmasligi bildirildi.
Mahalliy tadbirkorlarga oʻz xodimlari sonini va tarkibini yangi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirib olish uchun joriy yilning 15-dekabrigacha boʻlgan muddat berildi. Eslatib oʻtamiz, avvalroq ham shahar rahbariyati tomonidan taksi haydovchiligi va kuryerlik yoʻnalishlarida ham shunga oʻxshash taqiqlar joriy etilgan edi.
Source: kun.uz