Reuters agentligi tarqatgan sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlariga koʻra, Rossiya Ukraina chegaralariga yaqin hududda reaktiv dronlarni uchirishga moʻljallangan ulkan harbiy baza qurilishini rekord darajadagi qisqa muddatda — atigi olti hafta ichida yakunlamoqda.
Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 31-avgust sanasida ushbu hududda oddiy boʻsh dala boʻlgan boʻlsa, hozirgi kunga kelib u yerda maydoni 126 ta futbol maydoniga teng keladigan ulkan majmua qad rostlagan.
DroneSec xususiy razvedka kompaniyasi asoschisi Mayk Monnikning taxmin qilishicha, mavjud suratlar mazkur obyekt eng soʻnggi turdagi «Geran-4» va «Geran-5» reaktiv uchuvchisiz uchish apparatlarini qoʻllash uchun moʻljallanganini koʻrsatadi. Xususan, majmuaning gʻarbiy sektorida sakkizta alohida uchirish moslamasi oʻrnatilgani qayd etilgan.
Mutaxassislarning baholashlariga koʻra, ushbu baza toʻlaqonli ishga tushgach, kuniga 100 ga yaqin reaktiv dronni osmonagacha koʻtarish imkoniyatiga ega boʻladi. Obyekt yaqin haftalar ichida toʻliq foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Rossiya tomoni soʻnggi oylar davomida Ukrainadagi obyektlarga zarba berish jarayonida reaktiv turdagi dronlardan faol foydalanishga oʻtgan edi. Ularning anʼanaviy dronlardan farqli oʻlaroq tezligi yuqori va parvoz masofasi ancha uzoq boʻlib, ularni havo mudofaa tizimlari orqali zararsizlantirish ancha murakkab vazifa hisoblanadi.
Source: kun.uz