Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri ma'muriyati xorijiy fuqarolarni mehnat patentlari asosida yollash taqiqlangan sohalar ro'yxatini kengaytirishga qaror qildi. Yangi cheklovlar savdo, tibbiyot, sport va go'zallik sanoati kabi qator yo'nalishlarni qamrab oladi va mahalliy tadbirkorlik subyektlari zimmasiga qo'shimcha majburiyatlar yuklaydi.
Shahar gubernatori Aleksandr Beglov imzolagan hujjatga ko'ra, taqiqlar oziq-ovqat mahsulotlari chakana savdosiga, jumladan, ixtisoslashtirilmagan do'konlar, meva-sabzavot, go'sht va baliq mahsulotlari rastalariga taalluqlidir. Shuningdek, tibbiy va sog'lomlashtirish xizmatlari, fitnes-klublar, sartaroshxonalar va go'zallik salonlarida patent asosida ishlovchi xorijliklarni jalb qilish taqiqlanadi.
Rasmiy idoralar mazkur chora-tadbirlar yashirin bandlikka qarshi kurashish hamda soliq majburiyatlaridan bo'yin tovlash holatlarining oldini olishga qaratilganini da'vo qilmoqda. Hukumat vakillari ushbu qaror mahalliy ishchilar, shu jumladan yoshlar va talabalar uchun bandlik imkoniyatlarini kengaytirishini taxmin qilmoqda, biroq biznes vakillari uchun kadrlar yetishmovchiligi xavfi yuzaga kelmoqda.
Mahalliy tadbirkorlarga xorijiy xodimlar sonini yangi talablarga muvofiq keltirish uchun joriy yilning 15-dekabriga qadar muddat berildi. Ta'kidlash joizki, ushbu cheklovlar Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEAII) fuqarolariga hamda Rossiyada yashash guvohnomasiga ega bo'lgan shaxslarga tatbiq etilmaydi.
Source: podrobno.uz