Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan tinchlik shartnomasi imzolanib, ratifikatsiya qilinganidan soʻng ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar qanday koʻrinish olishi kerakligi haqidagi qarashlari bilan oʻrtoqlashdi. Uning soʻzlariga koʻra, Olmaota deklaratsiyasi asosida chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayoni yakunlangach, Armaniston hududi aniq 29 743 kvadrat kilometrni tashkil etishi lozim.
Pashinyanning iddao qilishicha, chegaraning har ikki tomonida ham anklav hamda eksklavlar qolmasligi zarur va buning uchun har ikki davlat «tengma-teng nisbatda hududlar almashishi» kerak. Shuningdek, u transport kommunikatsiyalarini ochish tarafdori ekanini bildirar ekan, Ozarboyjon hududi orqali Armanistondan Armanistonga, shuningdek, Armaniston orqali Ozarboyjondan Ozarboyjonga tranzit qatnovlarini yoʻlga qoʻyish masalasini ilgari surdi.
Bosh vazir Yerevan va Boku bir-biriga nisbatan har qanday hududiy va tarixiy daʼvolardan butunlay voz kechishi shartligini urgʻuladi. Uning bu bayonoti qanchalik haqiqatga yaqin ekanligi hozircha shubhali boʻlib qolmoqda, biroq Pashinyan Turkmanistonda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan boʻlib oʻtgan muloqotlardan soʻng ushbu imkoniyatni roʻyobga chiqarish uchun harakat qilishlarini taʼkidladi.
Eslatib oʻtamiz, tomonlar chegaraning ayrim qismlarini avvalroq kelishib olgan boʻlsa-da, hozircha Ozarboyjon rasmiylari Pashinyanning ushbu soʻnggi bayonotlariga oʻz munosabatini bildirgani yoʻq.
Source: kun.uz