Qirgʻiziston janubi, Oʻzbekiston viloyatlari va Tojikistonning Sugʻd viloyati oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik Fargʻona vodiysida yagona ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish imkonini berishi kutilmoqda. Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov bu boradagi salohiyat, jumladan, xomashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatlarini tahlil qildi. Mutaxassisning fikricha, mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanish hududdagi iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Soʻnggi 10 yil ichida Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 2,5 milliard dollardan qariyb 8,5 milliard dollargacha oshgani maʼlum qilindi. Mintaqa davlatlarining oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi esa qariyb 11 milliard dollarga yetgan. Vahobovning taʼkidlashicha, bu koʻrsatkichlar iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun salohiyat mavjudligini koʻrsatadi. Xususan, Fargʻona vodiysidagi yetti hudud oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va oʻzaro bogʻlangan ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish dolzarb vazifa hisoblanadi.
Fargʻona vodiysining Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston hududlarini qamrab olgan qismida qariyb 18 million aholi yashaydi. Bu katta bozor boʻlish bilan birga, sanoat kooperatsiyasi, xizmatlar va savdo aloqalarini rivojlantirish uchun ham salmoqli imkoniyat yaratadi. Vahobov bu hududlarga faqat isteʼmol bozori sifatida qarash bilan cheklanib qolmaslik kerakligini taʼkidlaydi. Uning fikricha, asosiy maqsad - viloyatlarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va koʻrsatilayotgan xizmatlarni yagona iqtisodiy zanjirga birlashtirishdan iborat.
Andijon viloyati mashinasozlik, ishlab chiqarish va ogʻir sanoat yoʻnalishlaridagi salohiyati bilan ajralib turadi. Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston temiryoʻli qurilishi esa viloyatning mintaqaviy transport aloqalaridagi ahamiyatini oshirishi kutilmoqda. Namangan viloyati yengil sanoat va toʻqimachilikka ixtisoslashgan boʻlsa, Fargʻonada kimyo va neft-kimyo sanoati muhim oʻrin tutadi. Tojikistonning Sugʻd viloyati ham metallurgiya va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlaridagi salohiyati bilan ushbu jarayonga qoʻshilishi mumkinligi aytilmoqda.
Source: kun.uz