Joriy yilning 19—21-oktabr kunlari Ukraina sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Yevgeniy Gonchar boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Toshkent shahrida bo‘ldi. Tashrif davomida Ukraina iqtisodiyot va atrof-muhit vaziri o‘rinbosari Vitaliy Petruk hamda mahalliy ish beruvchilar federatsiyasi vakillari ham ishtirok etib, O‘zbekiston rasmiylari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar ikki mamlakat sog‘liqni saqlash tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘ziga xos tajriba almashdi. Xususan, davlat kafolatlari dasturlari, dori vositalari qiymatini qoplash mexanizmlari (reimbursatsiya) hamda aholini arzon dori-darmonlar bilan ta’minlash masalalari muhokama markazida bo‘ldi. Ukraina rejimi vakillari o‘zlarining eksport salohiyatini saqlab qolish va kengaytirishga harakat qilmoqda.
Tomonlar 2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda joriy etiladigan milliy GMP sertifikatini olish talablarini muhokama qildilar. Ukraina tomonining ta’kidlashicha, davom etayotgan harbiy harakatlar va vayronagarchiliklar tufayli o‘z hududida bevosita inspeksiyalarni o‘tkazish katta qiyinchilik tug‘dirmoqda. Shu sababli, Ukraina hukumati masofaviy tekshiruvlarga ruxsat berishni va sertifikatlar muddatini uzaytirishni so‘ramoqda.
Tashrif doirasida Ukraina va O‘zbekiston o‘rtasida dori vositalari hamda tibbiy buyumlar yo‘nalishida tartibga solish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Shuningdek, delegatsiya vakillari "Tashkent Pharma Park" ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri faoliyati bilan tanishib, mamlakatda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini ko‘zdan kechirdi.
Source: www.gazeta.uz