Rossiyada xorijiy mehnat migrantlarini yollash bo'yicha yangi tizimni ishga tushirish muddati 2027 yilning yanvaridan mart oyiga qoldirilishi ehtimoli muhokama qilinmoqda. Ma'lum qilinishicha, ushbu kechikishga qonun loyihasining to'liq tayyor emasligi hamda zarur raqamli platformaning ishga tushirilmagani sabab bo'lgan. Islohotni bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan bo'lib, uning birinchi bosqichi 2027 yil 1 martdan, ikkinchi bosqichi esa 2029 yil 1 yanvardan boshlanishi kutilmoqda. Biroq mutaxassislar loyihani amalga oshirish muddatlari yana o'zgarishi mumkinligini istisno etishmayapti.
Yangi qoidalarga ko'ra, chet el fuqarolari Rossiyaga faqat aniq ish beruvchi uchun ishlash maqsadida kelishlari shart bo'ladi. Ularning shaxsiy ma'muriy ma'lumotlari maxsus reyestrga kiritilib, odatiy ruxsatnomalar o'rniga uch yil muddatga amal qiladigan shaxsiy identifikatsiya kartasi beriladi. Mazkur tizim Moskva shahri va Moskva viloyatidan tashqari Rossiyaning barcha hududlariga tatbiq etilishi ko'zda tutilgan. Ushbu tartib vizali va vizasiz mamlakatlar fuqarolariga birdek taalluqli bo'lib, Belarus fuqarolari, yuqori malakali mutaxassislar hamda ayrim toifadagi xodimlar uchun istisnolar nazarda tutilgan.
Ish beruvchilar uchun ham talablar keskinlashmoqda: xorijliklarni yollamoqchi bo'lgan kompaniyalar Rossiya Ichki ishlar vazirligining maxsus reyestrida ro'yxatdan o'tib, oldindan ariza topshirishlari shart. Arizada xodimlar soni, ish joyi va mehnat sharoitlari aniq ko'rsatilishi lozim. Shuningdek, kompaniyalar xodimlarning genom ro'yxatidan o'tishini moliyalashtirishi va ularni deportatsiya qilish xarajatlarini qoplab berishi talab etiladi. Agar korxona 15 nafardan ortiq xorijlikni yollasa, ularni turar joy bilan ta'minlashi shart qilib qo'yiladi.
Hozirgi kunda Rossiyada uch milliondan ortiq mehnat migranti bo'lib turgani taxmin qilinmoqda. Ekspertlar belgilangan muddatda barcha xorijliklarni ro'yxatdan o'tkazish imkoniyatiga shubha bilan qarashmoqda. Bundan tashqari, ulkan ma'lumotlar bazasini qayta ishlashi kerak bo'lgan raqamli platformaning texnik tayyorgarligi ham jiddiy savollarni tug'dirmoqda. Tadbirkorlik doiralari nazoratni kuchaytirish zarurligini ta'kidlasa-da, yangi tizimning amaldagi patent tartibidan qanchalik samarali bo'lishi faqat uning amaliyotga tatbiq etilishidan keyingina ma'lum bo'ladi.
Source: podrobno.uz