Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Rossiyaning yirik texnologiya gigantlaridan biri bo'lgan «Yandeks» kompaniyasi o'ziga qarashli barcha uchta eng quvvatli superkompyuterini yangi manzillarga ko'chirganini e'lon qildi. RBK nashrining xabar berishicha, gap «Lyapunov», «Galuşkin» va «Çervonenkis» deb nomlangan yirik hisoblash majmualari haqida bormoqda. Kompaniya vakillarining iddao qilishicha, ma'lumotlarni qayta ishlash markazlariga (TSOD) uyushtirilgan dron hujumlari vaqtida mazkur qimmatbaho texnikalarga go'yo jiddiy zarar yetmagan.

Biroq, xavfsizlikni ta'minlash maqsadida ushbu uskunalar avvalgi joylashgan hududlaridan zudlik bilan olib chiqilib, hozirda yangi maxsus maydonchalarda o'rnatilmoqda. «Yandeks» rahbariyati bu qurilmalardan avvalgidek kompaniyaning ichki xizmatlari uchun infratuzilma sifatida hamda murakkab fundamental til modellarini o'qitishda foydalanish davom etishini ta'kidlamoqda. Shunga qaramay, yuzaga kelgan bu kabi logistik va texnik o'zgarishlar kompaniya faoliyatida muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqargani taxmin qilinmoqda.

Eslatib o'tamiz, oktyabr oyi davomida «Yandeks» ma'lumotlar markazlari ketma-ket uch marta dronlar hujumiga uchragan edi. Xususan, zarbalar Ryazan viloyatining Sasovo shahri, shuningdek, Kaluga va Vladimir oblastlaridagi obyektlarga to'g'ri kelgan. Ushbu hujumlar oqibatida nafaqat kompaniyaning bulutli xizmatlari, balki boshqa muhim tizimlar, jumladan, ayrim davlat tizimlari faoliyatida ham jiddiy uzilishlar kuzatilgandi. Qolaversa, texnik nosozliklar va tarmoqdagi muammolar «Yandeks»ning O'zbekistondagi servislariga ham o'z ta'sirini ko'rsatib, foydalanuvchilar uchun qiyinchiliklar tug'dirgan edi.

Source: kun.uz