Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qirgʻiziston hokimiyati mamlakatdagi anʼanaviy maʼmuriy-hududiy tuzilmani tubdan oʻzgartirish boʻyicha keng koʻlamli rejalarni amalga oshirishga kirishdi. Unga koʻra, kelgusida mavjud viloyat va tumanlarni butunlay tugatib, ularning oʻrniga yiriklashtirilgan maʼmuriy birliklar — aymoqlarni joriy etish koʻzda tutilmoqda. Ushbu islohotni 2027 yilning oxiriga qadar toʻliq yakunlash niyatida ekanliklari maʼlum qilindi.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, kelgusida 40 ta tuman oʻrniga 20 tadan ortiq yangi aymoqlar barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu yangi tuzilmalar tumanlardan yirikroq, biroq viloyatlardan kichikroq hajmga ega boʻlishi aytilmoqda. Yangi hududiy birliklarni shakllantirish jarayonida mutasaddilar har bir hududning iqtisodiy hamda geografik salohiyatini hisobga olishni niyat qilishgan.

Davlat va munitsipal boshqaruv xizmati direktori Elchibek Jantayevning "Kabar" agentligiga bergan intervyusida taʼkidlashicha, mazkur islohotning asosiy maqsadlaridan biri — viloyat va tuman hokimliklari hamda boshqaruv organlarining vazifalari bir-birini takrorlashining oldini olishdir. Yangi maʼmuriy tuzilmaning modeli Iqtisodiyot vazirligi tomonidan hududlarning oʻziga xos xususiyatlari va ularni rivojlantirish imkoniyatlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, ushbu keng koʻlamli oʻzgarishlarning birinchi bosqichi 2023 yilda boshlangan edi. Oʻshanda qator tumanlarning chegaralari oʻzgartirilib, ayrim aholi punktlari bevosita shaharlar tarkibiga kiritilgan edi, bu esa kelgusi yirik islohotlarga zamin hozirlagandi.

Source: podrobno.uz