Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qirgʻizistonda maʼmuriy-hududiy tuzilmani tubdan oʻzgartirish boʻyicha navbatdagi qadamlar tashlanmoqda. Mamlakat rasmiylarining rejasiga koʻra, anʼanaviy 7 ta viloyat va 40 ta tuman butunlay tugatilib, ularning oʻrniga yirikroq maʼmuriy birliklar – okruglar yoki aymoqlar tashkil etilishi kutilmoqda. Ushbu oʻzgarishlar haqida Davlat xizmati va mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish ishlari boʻyicha davlat agentligi direktori Elchibek Jantayevga tayanib, mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar tarqatdi.

Hozirgi kunda Qirgʻiziston maʼmuriy jihatdan yettita viloyatga boʻlingan boʻlib, ularning tarkibida 40 ta tuman va 34 ta shahar mavjud. Biroq amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida bu tizim tubdan qisqartiriladi. Mutasaddilarning taʼkidlashicha, yangi tuzilmalar tumandan yirikroq, biroq viloyatdan kichikroq hajmda boʻladi va mamlakatda 40 ta tuman oʻrniga 20 dan ortiq shunday aymoqlar faoliyat yuritadi.

Rasmiylarning aytishicha, har bir hududning oʻziga xos iqtisodiy salohiyati inobatga olinadi. Masalan, Issiqkoʻl viloyatini janubiy va shimoliy qismlarga boʻlish, shuningdek, Jalolobod va Oʻsh viloyatlaridagi kichik tumanlarni iqtisodiy rivojlanish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda birlashtirish koʻzda tutilgan. Bu kabi chora-tadbirlar maʼmuriy boshqaruvni optimallashtirish va xarajatlarni qisqartirishga qaratilgani aytilmoqda.

Taʼkidlash joizki, mazkur jarayon Qirgʻizistonda boshlangan keng koʻlamli maʼmuriy-hududiy islohotning ikkinchi bosqichi hisoblanadi. Birinchi bosqich 2023-yilda boshlanib, uning doirasida ayrim tumanlarning chegaralari qayta koʻrib chiqilgan va qator aholi punktlari shahar maqomini olgan edi. Biroq kuzatuvchilar bu kabi keskin oʻzgarishlar kutilgan iqtisodiy samare berishiga shubha bilan qaramoqda, chunki markazlashmagan boshqaruv tizimida yangi muammolar yuzaga kelishi mumkin.

Source: kun.uz