Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Somali qirg‘oqlari yaqinida yuk kemasi qaroqchilar tomonidan olib qochilgani haqida xabar berilmoqda. Rasmiylar va dengiz xavfsizligi guruhlari ma’lumotlariga ko‘ra, hujum dushanba kuni sodir bo‘lgan va bu bir hafta ichida Somali qirg‘oqlaridagi ikkinchi bunday hodisa.

Qaroqchilar nishoniga aylangan “Sward” kemasi Misrning Suvaysh shahridan Keniyaning Mombasa port shahriga sement olib ketayotgan edi. Kema Sent-Kits va Nevis bayrog‘i ostida suzib yurgan. Britaniyaning dengiz savdosi operatsiyalari (UKMTO) ma’lumotiga ko‘ra, kema Somali qirg‘oq bo‘yidagi Garakad shahridan 6 dengiz mili (11 km) shimoliy-sharqda olib qochilgan.

Britaniyaning “Vanguard” dengiz xavfsizligi guruhi kemada 15 kishilik ekipaj borligini, ularning 2 nafari Hindiston fuqarolari, 13 nafari esa Suriyalik ekanligini ma’lum qildi. “Hozirda kema qaroqchilar nazoratida va Somali qirg‘oqlari tomon yo‘l olmoqda”, deyiladi xabarda. Puntland dengiz politsiyasi kuchlari xabardor qilingan.

Puntland dengiz politsiyasi kuchlari xodimi AP agentligiga ma’lum qilishicha, 9 nafar qaroqchi kemaga chiqib, uni nazoratga olgan. “Kema hozirda qurolli shaxslar nazoratida, biz vaziyatni kuzatmoqdamiz”, degan u.

Somali qaroqchilari 2008-2018 yillarda Afrika shoxi qirg‘oqlarida katta muammo tug‘dirgan. Xalqaro dengiz patrullari va yaxshilangan xavfsizlik choralari ularning hujumlarini sezilarli darajada kamaytirgan edi. Biroq, 2023 yil oxirida qaroqchilik faolligi yana o‘sishni boshladi, bunga qarshi patrullarning qisqarishi va mablag‘larning Yaman hudiylariga qarshi kurashga yo‘naltirilishi sabab bo‘lgan.

O‘tgan chorshanba kuni Somalilandning Qizil dengiz portini tark etgan neft tankeri Puntland suvlarida ushlanib qolgan edi. Noyabr oyida esa Mogadisho qirg‘oqlarida qurolli shaxslar pulemyot va granatomyotlardan foydalanib, tijorat tankeriga hujum qilgan.

AQSh-Isroilning Eronga qarshi urushi davomida Hormuz bo‘g‘ozining to‘sib qo‘yilishi global iqtisodiyotni quvvatlovchi neftning katta qismi oqimini to‘xtatdi. Ba’zi kemalar Suvaysh kanali orqali yoki Afrika janubidagi Umid burni atrofidan uzoq yo‘lni bosib o‘tishga majbur bo‘lmoqda.

Source: www.aljazeera.com