28-aprel kuni Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) 1-maydan boshlab Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPEK)dan chiqishini rasman e'lon qildi. Ushbu qaror Fors ko‘rfazi mintaqasidagi energetik inqiroz va davlatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar fonida qabul qilindi.
BAA OPEKning eng yirik neft ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lib, uning tashkilotdan chiqishi OPEKning jahon neft ta’minoti ustidan nazoratini sezilarli darajada zaiflashtiradi. Shu bilan birga, bu qaror BAA va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ziddiyatni yanada chuqurlashtiradi, chunki Saudiya Arabistoni OPEKda amalda yetakchi rol o‘ynaydi.
Tahlilchilarning fikricha, BAAning chiqishi unga OPEK kvotalariga bo‘ysunmasdan ishlab chiqarish hajmini oshirish imkonini beradi. Ayniqsa, Fors ko‘rfazi orqali neft eksporti tiklangandan so‘ng, BAA o‘z ishlab chiqarish quvvatlarini to‘liq ishga solishi mumkin.
BAA energetika vaziri Suhayl Muhammad al-Mazruiy bu qaror mamlakatning energetik strategiyalarini sinchiklab o‘rganish natijasida qabul qilinganini ta’kidladi. U, shuningdek, bu masala bo‘yicha boshqa hech bir davlat bilan oldindan maslahatlashmaganliklarini ma’lum qildi. “Bu siyosiy qaror bo‘lib, ishlab chiqarish hajmi bilan bog‘liq hozirgi va kelajakdagi strategiyalarni ko‘rib chiqish natijasida qabul qilindi”, dedi vazir.
Eslatib o‘tamiz, OPEK 1960-yil sentabr oyida Bag‘dodda beshta davlat – Eron, Iroq, Quvayt, Saudiya Arabistoni va Venesuela tomonidan tashkil etilgan. Keyinchalik tashkilotga Qatar, Indoneziya, Liviya, BAA, Jazoir, Nigeriya, Ekvador, Gabon, Angola, Ekvatorial Gvineya va Kongo qo‘shilgan. Hozirda OPEK jahon neft qazib olishining taxminan 35 foizini, eksportining 50 foizini va tasdiqlangan zaxiralarning 80 foizini nazorat qiladi.
OPEK+ esa OPEK qarorlariga qo‘shimcha ravishda Rossiya, Braziliya, Ozarbayjon, Ummon, Bahrayn, Bruney, Qozog‘iston, Malayziya, Meksika, Janubiy Sudan va Sudan kabi davlatlarni birlashtiradi. Ushbu kengaytirilgan guruh jahon neftining 40 foizdan ortig‘ini qazib oladi va global eksportda muhim o‘rin tutadi.
Source: www.gazeta.uz