Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) 2026-yil 1-maydan boshlab OPEC va OPEC+ ittifoqidan chiqishini e'lon qildi. Energetika vaziri Suhail al-Mazrouei bu qaror “milliy manfaatlar va uzoq muddatli bozor talablariga asoslangan siyosiy evolyutsiya” ekanini ta'kidladi.
Rasmiy WAM agentligiga ko'ra, qarorga Fors ko'rfazi va Hormuz bo'g'ozidagi vaziyat ta'sir ko'rsatdi. Eron BAAga minglab dron va raketalar bilan hujum qilib, tinch aholi, infratuzilma va neft obyektlariga zarar yetkazgan, shuningdek, AQSh bazalarini nishonga olgan.
Abu-Dabi Hormuz bo'g'ozini qayta ochish uchun qo'shma harbiy javob choralarini taklif qilgan, biroq Saudiya Arabistoni diplomatik yo'lni afzal ko'rgan. Bu kelishmovchilik BAAning OPECdan chiqishiga turtki bo'lgan.
Tahlilchilarning fikricha, BAAning bu qadami Saudiya bilan munosabatlarni keskinlashtirishi mumkin. Londonlik ekspert Sami Hamdining ta'kidlashicha, chiqish Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning Hormuz bo'g'ozi bo'yicha sammiti bilan bir kunga to'g'ri kelgani ramziy ma'noga ega: “BAA Saudiya rahbarligidan voz kechayotganini ko'rsatmoqda”.
BAA allaqachon Sudan, Liviya va Yamanda Saudiya bilan qarama-qarshi tomonlarni qo'llab-quvvatlagan. Shu bilan birga, BAA 2020-yilda AQSh vositachiligida Isroil bilan normalizatsiya kelishuvini imzolagan bo'lsa, Saudiya bu jarayonni to'xtatgan.
Rabdan xavfsizlik instituti eksperti Kristian Aleksandrning fikricha, BAA va Saudiya o'rtasida ochiq to'qnashuv bo'lmasa-da, ularning raqobati neft bozori, logistika, turizm, moliyaviy xizmatlar va texnologiya sohalarida kuchayadi. Ikkala davlat ham iqtisodiy diversifikatsiya dasturlarini (Saudiya “Vision 2030” va BAA “UAE 2031”) amalga oshirmoqda.
BAA OPEC kvotalari tufayli o'zining kengaytirilgan ishlab chiqarish quvvatidan to'liq foydalana olmagan. Endi u Xitoy, Hindiston, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi yirik xaridorlarga neft eksportini oshirishi mumkin. BAA dirhami AQSh dollariga bog'langanligi sababli, neft eksportining o'sishi mamlakatning makroiqtisodiy barqarorligini mustahkamlaydi.
Source: www.dw.com