Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vazirligi 30-aprel kuni mintaqadagi keskin vaziyat sababli o‘z fuqarolariga Eron, Livan va Iroqqa safar qilishni vaqtincha taqiqladi. Vazirlik hozirda ushbu mamlakatlarda bo‘lib turgan amirlikliklarni zudlik bilan vatanga qaytishga chaqirdi.
TIV bayonotida chet eldagi fuqarolar xavfsizligini ta’minlash majburiyati doirasida barcha ko‘rsatma va tavsiyalarga amal qilish muhimligi ta’kidlandi. Bu qaror Eron va Isroil o‘rtasidagi to‘qnashuvlar kuchaygan bir paytda qabul qilindi.
Avvalroq Axios nashri Isroil Eron bilan urush boshlanganida BAAga “Temir gumbaz” havo hujumidan mudofaa tizimini va harbiy xizmatchilarni yuborgani haqida xabar bergan edi. Bu “Temir gumbaz” batareyasining boshqa davlatga yuborilishi bilan bog‘liq ilk holat bo‘ldi.
BAA AQSh va Isroildan tashqari ushbu tizim amalda qo‘llangan birinchi davlatga aylandi. Ilgari bu tizimning joylashtirilgani oshkor qilinmagan edi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlangandan beri BAA mintaqadagi boshqa mamlakatlarga qaraganda Eron hujumlariga ko‘proq nishon bo‘lgan.
BAA Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Eron mamlakat bo‘ylab 550 ga yaqin ballistik va qanotli raketalar, shuningdek, 2200 dan ortiq dron uchirgan. Keng masshtabli hujumlar BAAni ittifoqchilardan yordam so‘rashga majbur qilgan.
Source: www.gazeta.uz