AQSh prezidenti Donald Tramp Ormuz bo‘g‘ozida harbiy kuch ishlatishga qaror qildi. U o‘zining Truth Social tarmog‘ida “Project Freedom” (Ozodlik loyihasi) operatsiyasini boshlashni e’lon qildi. Bu “gumanitar jest” sifatida taqdim etilmoqda.
Operatsiya doirasida AQSh harbiy-dengiz kuchlari va aviatsiyasi Eron blokadasiga qaramay, yuzlab xorijiy kemalarni bo‘g‘ozdan olib chiqishi kerak. Trampning so‘zlariga ko‘ra, yuzlab ekipaj a’zolari va minglab tonna yuk “begunoh garovga” aylangan.
CENTCOM operatsiya zonasiga esminetslar, 100 dan ortiq samolyot va 15 ming harbiy xizmatchi yuborganini tasdiqladi. Qo‘mondon admiral Bred Kuper harbiylar kemalarni olib chiqishga har qanday to‘siqqa “qat’iy javob” berishga tayyorligini aytdi.
Axios nashrining Oq uydagi manbalariga ko‘ra, bu qaror prezident atrofidagi jiddiy kelishmovchiliklar natijasida qabul qilingan. Tramp diplomatlarning muzokaralarni davom ettirish taklifini rad etgan, ammo “qirg‘iylar”ning to‘liq urush rejasini ham qabul qilmagan. Uchinchi variant – kuch bilan blokadani yorish tanlangan.
AQSh razvedkasi yuqori xavflar haqida ogohlantirmoqda: Eron dengiz minalaridan foydalanishi yoki tezyurar qayiqlar bilan konvoylarga hujum qilishi mumkin, bu esa mojaroning kuchayishiga olib keladi.
Eslatib o‘tamiz, Ormuz bo‘g‘ozidan dunyo neftining beshdan bir qismi o‘tadi. 2026-yil fevralidan beri AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi urush tufayli yuk tashish deyarli to‘xtagan. Bo‘g‘ozda 2 mingga yaqin tanker “qamalib” qolgan, butun dunyoda benzin va energiya narxlari rekord darajaga ko‘tarilgan.
Source: podrobno.uz