O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Buxarestda o‘tayotgan Super Chess Classic Romania 2026 turnirining to‘rtinchi turida niderlandiyalik Anish Giri bilan durang o‘ynadi.
Uchrashuv keskin debyut bilan boshlandi, biroq har ikki shaxmatchi tez harakat qildi va Chess.com ta’kidlashicha, jiddiy o‘ylashni faqat 17-yurishdan keyin boshladi. Keyinchalik Sindarov markazda yorib kirishga urindi, ammo ko‘plab almashinuvlardan so‘ng pozitsiya durangga yaqinlashdi. Shunga qaramay, o‘zbekistonlik shaxmatchi amaliy imkoniyatlar izlashda davom etdi va raqibini o‘yin oxirigacha “sinovdan o‘tkazdi”.
Sindarov va Giri partiyasida birinchi yurishni qozog‘istonlik shaxmatchi, blits bo‘yicha uch karra jahon chempioni va xalqaro grossmeyster Bibisara Asaubayeva amalga oshirdi.
Hal qiluvchi palla vaqt nazorati atrofida yuz berdi: Sindarov o‘yinni murakkablashtirishga urindi, ammo Giri aniq yechim topdi — figura qurbon qilib, “ruxga qarshi rux va ot”li durang endshpilga o‘tdi. Nazariy jihatdan teng pozitsiyaga qaramasdan, Sindarov 107-yurishgacha kurashni davom ettirdi, shundan keyin raqiblar durangga rozi bo‘ldi.
To‘rt turdan keyin fransiyalik Maksim Vashe-Lagravni mag‘lub etgan germaniyalik grossmeyster Vinsent Kaymer turnirning yakka peshqadamiga aylandi. U ikkinchi g‘alabasini qayd etib, yaqin ta’qibchilaridan yarim ochkoga o‘zib ketdi. Ular qatorida Anish Giri, Yorden van Forest va Rameshbabu Pragnanandxa bor. Sindarov esa 1,5 ochko bilan 8-o‘rinda bormoqda.
Fabiano Karuana — Alireza Firuja o‘rtasidagi partiya Firujaning sog‘lig‘i yomonlashgani sabab keyinga qoldirildi.
18-may kuni bo‘lib o‘tadigan beshinchi turda Sindarov qora donalarda Alireza Firujaga qarshi o‘ynashi kerak. Agar fransiyalik grossmeyster turnirda ishtirokni davom ettira olsa, partiya o‘tkaziladi.
Grand Chess Tour bitta alohida musobaqa emas, balki turnirlar seriyasidir. Polshadagi bosqich, Ruminiyadagi turnir va undan keyingi Xorvatiya hamda AQShdagi bosqichlar GCT-2026 umumiy mavsumiga kiradi. Har bir turnirning alohida g‘olibi, alohida jadvali va sovrin jamg‘armasi mavjud, biroq natijalar turning umumiy hisobiga ham yozib boriladi: bosqichlarda egallagan o‘rinlari uchun shaxmatchilarga tur ochkolari beriladi. Beshta bosqich yakunlariga ko‘ra, umumiy hisobda eng yaxshi natija ko‘rsatgan o‘yinchilar Grand Chess Tour finaliga yo‘l oladi.
Super Chess Classic Romania 14−24-may kunlari Buxarestda bo‘lib o‘tmoqda va u Grand Chess Tour doirasidagi ikkita klassik turnirning birinchisidir. Musobaqa formati — 10 nafar shaxmatchi ishtirokidagi aylanma tizim bo‘lib, unda har bir ishtirokchi bir-biri bilan bittadan partiya o‘ynaydi. Jami to‘qqizta tur rejalashtirilgan, kuniga bittadan tur o‘tkaziladi. Partiyalar klassik vaqt nazoratida o‘tadi — dastlabki 40 ta yurish uchun 90 daqiqa, so‘ngra birinchi yurishdan boshlab har bir yurish uchun 30 soniyadan qo‘shib berilgan holda partiya oxirigacha 30 daqiqa ajratiladi.
Source: www.gazeta.uz