Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Eron Islom Respublikasi terma jamoasi 2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etishi rasman tasdiqlandi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligi FIFA bilan muzokaralardan so‘ng ma’lum qildi. Avvalroq AQSh bilan mojaro fonida Eron turnirdan voz kechishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.

FIFA prezidenti Janni Infantino kongressda bergan bayonotida, Eron terma jamoasi AQSh hududida o‘z o‘yinlarini o‘tkazishini tasdiqladi. “Eron 2026 yilgi jahon chempionatida qatnashadi. Albatta, ular AQSh maydonlarida o‘ynaydi. Sababi oddiy: biz odamlarni birlashtirishimiz kerak. Bizning vazifamiz aynan shu. Futbol dunyoni birlashtiradi”, dedi Infantino.

Eronning turnirda ishtiroki 2026 yil fevral oyi oxirida Yaqin Sharqdagi keskinlashuvdan so‘ng xavf ostida qolgan edi. O‘shanda AQSh va Isroil rejimi Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlagan, Eron ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomaneiy halok bo‘lgan edi.

Shu fonda 11 mart kuni Eron sport vaziri Ahmad Doniyomaliy terma jamoaning jahon chempionatida qatnashmasligini e’lon qilgan, chunki Tehron qurolli mojaro sharoitida AQShda o‘yinlarni o‘tkazishni nomaqbul deb hisoblagan.

Vaziyat aprel oyida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi o‘rnatilgandan so‘ng o‘zgara boshladi. FIFA Eron tomoni bilan diplomatik aloqalarni faollashtirdi, AQSh rejimi rahbari Donald Tramp esa jamoa xavfsiz holda turnirga kelishi mumkinligini ochiq ta’kidladi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Eron FIFAga bir qator shartlar qo‘ygan, jumladan, futbolchilar va delegatsiya xavfsizligi kafolatlari, viza olish va davlat ramzlariga hurmat ko‘rsatilishi.

Kelishuvlarga qaramay, vizalar bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolmoqda. Eron futbol federatsiyasi rahbari Mehdi Tojning aytishicha, delegatsiyaning bir qismi hali ham AQSh vizasini olmagan, futbolchilar va xodimlar hujjatlarni rasmiylashtirish uchun Turkiyaga borishga majbur.

Qo‘shimcha qiyinchiliklar Kanada bilan yuzaga keldi – bu davlat Mehdi Tojga shaxsiy sanksiyalar tufayli kirishga ruxsat bermadi.

Avvalroq Eronning rad javobi fonida FIFA, OAV xabarlariga ko‘ra, jamoani almashtirishning favqulodda variantlarini ko‘rib chiqqan. Xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri turnirga chiqa olmagan jamoalar, jumladan, Italiya va BAA ishtirokida qo‘shimcha qit’alararo pley-off o‘tkazish imkoniyati muhokama qilingan. Biroq Eron ishtiroki tasdiqlangach, ishtirokchilar tarkibini o‘zgartirish zarurati qolmadi.

Guruh bosqichida Eron terma jamoasi Yangi Zelandiya, Belgiya va Misr bilan o‘ynaydi. Jamoa o‘yinlari Los-Anjeles va Sietlda (AQSh hududida) rejalashtirilgan. Jahon chempionati ilk bor bir vaqtning o‘zida uch mamlakat – AQSh, Kanada va Meksikada o‘tkaziladi.

Source: podrobno.uz