Amerika Qo'shma Shtatlari Harbiy havo kuchlarining Afrika qo'mondonligi (AFRICOM) Nigeriya hukumati bilan kelishilgan holda mamlakat shimoli-sharqida IShID jangarilariga qarshi qo'shimcha havo hujumlari uyushtirilganini ma'lum qildi.
AFRICOM bayonotiga ko'ra, yakshanba kuni amalga oshirilgan "qo'shimcha kinetik" zarbalar paytida AQSh yoki Nigeriya kuchlari jabrlanmagan. "Ushbu terrorchilarni yo'q qilish guruhning AQSh va hamkorlarimiz xavfsizligiga tahdid soladigan hujumlarni rejalashtirish qobiliyatini pasaytiradi", deyiladi bayonotda.
AQShning Nigeriya bilan muvofiqlashtirilgan hujumi ikki kun avval ikki davlat prezidentlari IShIDning ikkinchi qo'mondoni Abu-Bilol al-Minukiy o'ldirilganini e'lon qilganidan keyin sodir bo'ldi. Nigeriya prezidenti Bola Tinubu shanba kuni uning Chod ko'li havzasidagi qarorgohiga uyushtirilgan zarbada "bir qancha yordamchilari bilan birga" nishonga olinganini aytdi.
AQSh prezidenti Donald Tramp birinchi marta juma kuni ijtimoiy tarmoqdagi postida qo'shma harbiy operatsiya qachon va qayerda bo'lganini oshkor qilmasdan e'lon qilgan edi. Al-Minukiy 2015-yilda IShIDga bay'at qilishdan oldin Boko Haramning taniqli yetakchisi bo'lgan va G'arbiy Afrika provinsiyasidagi IShID filiali (ISWAP) uchun Sahel va G'arbiy Afrika mintaqalaridagi asosiy operatsiyalarni boshqargan.
Nigeriyadagi AQSh Davlat departamenti xizmatining sobiq direktori Dennis Amachriy al-Minukiyning o'ldirilishi "ISWAP rahbariyati va moliyalashtirishida katta bo'shliq yaratadi, chunki u bilan birga ko'plab yuqori martabali zobitlar ham yo'q qilindi", deb ta'kidladi.
So'nggi oylarda o'nlab amerikalik askarlar qurolli guruhlarga qarshi kurashish, razvedka almashish va texnik yordam ko'rsatish uchun Nigeriyaga joylashtirilgan. Nigeriya Mudofaa shtabi vakili Samayla Uba amerikalik askarlar to'g'ridan-to'g'ri jangovar rol o'ynamasligini, balki Nigeriya kuchlarining to'liq qo'mondonligi ostida texnik tajriba almashishini aytdi.
O'tgan Rojdestvoda AQSh kuchlari Nigeriyaning shimoli-g'arbiy qismida IShID bilan bog'liq jangarilarga havo hujumlari uyushtirgan edi. Tramp bu hodisa kengroq harbiy kampaniyaning bir qismi ekanligi haqida so'ralganda, "Men buni bir martalik zarba qilishni istardim. Ammo ular nasroniylarni o'ldirishda davom etsalar, bu ko'p martalik zarba bo'ladi", dedi. Nigeriya hukumati Trampning mamlakatda nasroniylarning ommaviy qirg'in qilinishi haqidagi ayblovini rad etdi.
Source: www.aljazeera.com