Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xitoyning boshqariladigan kosmik kemasi «Shenzhou-23» milliy orbital stansiya «Tiangong» bilan muvaffaqiyatli tutashdi. Bu haqda Xitoy boshqariladigan kosmik parvozlar dasturi boshqarmasi (CMSA) xabar berdi.

Kema «Changzheng-2F» raketasi yordamida Jutsyuan kosmodromidan uchirildi. Stansiya bilan tutashuv Pekin vaqti bilan 25-may kuni soat 02:45 da amalga oshirildi.

«Shenzhou-23» bortida uchta taikonavt bor: missiya qo‘mondoni va bort muhandisi Chju Yanchju, uchuvchi Chjan Chjiyuan va foydali yuk mutaxassisi Li Tszyain. Ekipaj 2025-yil oktabridan beri stansiyada ishlayotgan oldingi ekspeditsiya a’zolarini almashtirishi va bir qator ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishi kerak.

«Tiangong» Xitoyning milliy orbital stansiyasi bo‘lib, qurilishi 2022-yil oxirida yakunlangan. Majmua «Tyanxe» bazaviy moduli va ikkita tadqiqot moduli — «Ventyan» va «Mentyan» dan iborat. Stansiya bir vaqtning o‘zida uch kishini qabul qilishga mo‘ljallangan va hajmi bo‘yicha Xalqaro kosmik stansiyadan kichikroq.

Missiyaning asosiy vazifalaridan biri kosmosda uzoq vaqt qolishning inson organizmiga ta’sirini o‘rganishdir. Olimlar kosmik nurlanish ta’siri, suyak to‘qimasi zichligining o‘zgarishi va uzoq muddatli kosmik ekspeditsiyalar bilan bog‘liq psixologik omillarni tadqiq qilishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, avvalroq stansiyaga blastoidlar — ilmiy tadqiqotlar uchun sun’iy yaratilgan hujayra tuzilmalari yetkazilgan edi.

Xabar qilinishicha, joriy missiya doirasida ekipaj a’zolaridan biri orbitada taxminan bir yil o‘tkazishi mumkin — bu Xitoyning boshqariladigan parvozlarining standart davomiyligidan deyarli ikki baravar ko‘p. Kim stansiyada uzoqroq muddat qolishi haqidagi yakuniy qaror keyinroq, missiya ishtirokchilarining holati baholangandan so‘ng qabul qilinadi.

«Tiangong» dasturi doirasida olib borilayotgan tadqiqotlar Xitoyning 2030-yilgacha amalga oshirishni rejalashtirgan kelajakdagi boshqariladigan Oyga qo‘nishiga tayyorgarlikning bir qismi sifatida ko‘rilmoqda.

Source: kun.uz