Afg‘onistonning sharqiy Lag‘mon viloyatidagi asosiy magistralda Pokistondan qaytgan afg‘on qochqinlari tushgan yuk mashinasi ag‘darilishi oqibatida kamida 18 kishi, jumladan ayollar va bolalar halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy hukumat ma’lum qildi.
Tolibon hukumati matbuot kotibi Zobihulloh Mujohidning aytishicha, halokat shanba kuni Lag‘mon viloyatining Qarghayi tumanida sodir bo‘lgan. Yuk mashinasi ko‘chirilgan oilalar va ularning uy-ro‘zg‘or buyumlari bilan to‘lib-toshgan bo‘lib, mahalliy vaqt bilan soat 5:30 da (GMT 01:00) Qarghayi tumanidagi Surxakan chorrahasi yaqinida yo‘ldan chiqib ketgan.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Aminulloh Sharifning so‘zlariga ko‘ra, haydovchi uxlab qolgani sababli yuk mashinasi ariqqa qulagan. Rasmiylar halok bo‘lganlar orasida kamida 10 nafar bola borligini tasdiqladi.
Lag‘mon viloyati gubernatori matbuot kotibi Abdulmalik Niyoziyning aytishicha, yana 30 dan ortiq yo‘lovchi yaralangan, ba’zilari og‘ir ahvolda. Oilalar vaqtincha sharqiy Kunar viloyatida bo‘lgan va poytaxt Kobulga yo‘l olgan edi.
Tez yordam xizmatlari yaradorlarni qo‘shni Nangarhor viloyatidagi tibbiy muassasalarga yetkazdi, bir qancha bemorlar hali ham reanimatsiyada. Markaziy hukumat qurbonlar oilalariga ta’ziya bildirdi. Mujohid X’dagi postida “jarohatlanganlarning tezda tuzalishini so‘raymiz” deb yozib, Qurbon hayiti yakunida sodir bo‘lgan fojiadan “chuqur qayg‘uda” ekanini bildirdi.
Milliy tabiiy ofatlarni boshqarish idorasi jabrlangan oilalarga 730 000 afg‘oniy (10 000 dollar) favqulodda moliyaviy yordam ajratdi. Afg‘onistonda o‘lim bilan tugaydigan yo‘l-transport hodisalari odatiy hol bo‘lib, magistrallar o‘nlab yillik mojarolar tufayli yomon ahvolda, transport vositalari noto‘g‘ri saqlanadi va yo‘l harakati qoidalari kamdan-kam qo‘llaniladi.
Oxirgi 10 kun ichida Afg‘oniston bo‘ylab uchta alohida yo‘l-transport hodisasida kamida 20 kishi halok bo‘ldi. Ushbu fojiya yuz minglab afg‘onlarning qo‘shni davlatlardan qaytishi natijasida transport infratuzilmasiga tushayotgan yukni ko‘rsatmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bu yilning o‘zida Pokiston tomonidan hujjatsiz muhojirlarga qarshi bosim kuchayganidan so‘ng 447 000 dan ortiq afg‘on Pokistondan qaytgan.
Source: www.aljazeera.com