Pentagon Isroilning AQShga qarshi josuslik faoliyati xavfini eng yuqori toifaga ko‘tardi. Rasmiy manbalar buni rad etsa-da, Eron urushi fonida bu masala jiddiy bahslarga sabab bo‘lmoqda.
AQSh Mudofaa razvedka agentligi (DIA) manbasiga tayanib, bir qancha OAV xabar berishicha, Pentagon Isroilni aksilrazvedka tahdidlari bo‘yicha eng yuqori toifaga kiritgan. Bunga Isroilning AQShga qarshi kengaytirilgan razvedka faoliyati sabab qilib ko‘rsatilgan. Rasmiy Vashington bu xabarlarni rad etgan, Isroil esa ularni “mutlaqo yolg‘on” deb atagan.
Ayblovlar Vashingtonda shov-shuvga sabab bo‘lmoqda, chunki Isroil AQShning eng yaqin hamkorlaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, bu xabarlar strategik ittifoqchilar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchsizlik muammosini yana bir bor yuzaga chiqarmoqda.
Germaniyada bu yangiliklar 2013-yilda kansler Angela Merkelning AQSh maxfiy xizmati tomonidan kuzatilgani haqidagi voqeani eslatadi. O‘shanda Merkel “do‘stlarga josuslik qilish hech qachon qabul qilinmaydi” degan edi. Biroq keyinchalik Germaniya razvedkasi ham ittifoqchi davlatlarga josuslik qilgani ma’lum bo‘ldi.
Nemis razvedka eksperti Erik Shmidt-Eenbomning fikricha, do‘st davlatlar ham bir-birini muntazam kuzatadi. Bu, ayniqsa, AQSh va Isroilga taalluqli. “AQShda Mossadning FBI bilan kelishilmagan operatsiyalari bo‘lgan. Aksincha, Isroil ham NSA uchun qiziqarli nishon bo‘lgan”, deydi u.
Isroil josusligining eng mashhur misoli – 1987-yilda Jonatan Pollard ishi. U AQSh harbiy-dengiz kuchlari tahlilchisi sifatida ishlab, Isroilga ma’lumot bergan va buning evaziga o‘n minglab dollar olgan. U umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan, biroq 2015-yilda shartli ravishda ozod qilingan.
2004-yilda AQSh Mudofaa vazirligi tahlilchisi Lorens Franklin Eron siyosati haqidagi maxfiy ma’lumotlarni AIPAC orqali Isroilga yetkazgan. U josuslikda ayblanib, sudlangan.
2013-yilda Snouden fosh qilgan hujjatlarga ko‘ra, Isroil AQShga qarshi eng faol razvedka xizmatlari orasida uchinchi o‘rinda turadi. Snouden hujjatlari NSA va ittifoqchi davlatlar razvedkasi o‘rtasidagi hamkorlikni, shuningdek, AQShning o‘z ittifoqchilarini kuzatganini ko‘rsatgan.
2023-yilda Pentagon hujjatlari AQSh razvedkasi Janubiy Koreya hukumatining ichki muzokaralarini kuzatganini ko‘rsatgan. Ikkala tomon buni rad etib, hujjatlarni soxta deb atagan.
Mutaxassislarning fikricha, so‘nggi mojaro AQSh-Isroilning Eronga qarshi urushi va Tramp bilan Netanyaxu o‘rtasidagi munosabatlar fonida yuzaga kelgan. Tramp mojaroni tezda hal qilishga intilsa, Netanyaxu uni cho‘zayotgan bo‘lishi mumkin.
Agar Isroil AQSh maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Mudofaa vazirligi amaldorlarini kuzatgan bo‘lsa, bu qizil chiziqni kesib o‘tish bo‘ladi. Shu sababli, xavf darajasining oshirilishi Vashington va Isroil o‘rtasidagi ishonch inqirozi sifatida qaralishi mumkin.
Ekspert Shmidt-Eenbomning fikricha, ma’lumotning oshkor bo‘lishi AQSh hukumati bilan kelishilgan. Tramp Isroilga bosim o‘tkazish yo‘llarini qidirmoqda, ammo noyabrdagi oraliq saylovlar oldidan Isroil lobbisiga qarshi chiqa olmaydi. Shu sababli, u josuslik ayblovlaridan foydalanib, Isroilni bombardimonlarni to‘xtatish va harbiylarni olib chiqishga majbur qilmoqchi.
Source: www.dw.com