2026 yilgi FIFA Jahon chempionati 11-iyundan 12-iyunga o‘tar kechasi Meksika va Janubiy Afrika Respublikasi o‘rtasidagi uchrashuv bilan boshlanadi. Ushbu musobaqa to‘rt yillikning eng yirik sport voqeasi bo‘lib, nafaqat maydondagi o‘yinlar, balki liboslar, brendlar va dizaynlar ham muxlislar e’tiborida bo‘ladi.
Mundialda 48 ta jamoa ishtirok etadi. Ularning 75 foizini uchta yirik brend – Adidas, Nike va Puma kiyintirmoqda. Adidas 14 ta jamoa bilan shartnoma tuzgan bo‘lib, mutlaq yetakchi hisoblanadi. Nike va Puma esa o‘nlab jamoalarni ta’minlaydi. Qolgan 10 ta kichik ishlab chiqaruvchi orasida faqat Kelme ikkita jamoaga libos yetkazib beradi, qolganlari bittadan jamoa bilan cheklangan.
Adidas tomonidan tayyorlangan liboslar orasida Meksikaning uy formasi 1998 yilgi mundialdagi ABA Sport libosidan ilhomlangan bo‘lib, Asteklar uslubidagi yashil geometrik naqshlar va “SOMOS MEXICO” yozuvi bilan ajralib turadi. Argentina uy libosi esa 1978, 1986 va 2022 yilgi g‘alabali formalarga ishora qiladi, safar libosida esa Buenos-Ayresning Fileteado Porteno san’ati aks etgan.
Nike brendi AQSh terma jamoasi uchun to‘lqinsimon chiziqli libos yaratgan bo‘lib, u 1994 yilgi mundial formasini eslatadi. Kanada safar libosi esa “eskirgan” oq grafik naqsh bilan qoplangan qora asosga ega bo‘lib, muz bo‘laklarini eslatadi. Yaponiya uy libosida ko‘k rangdagi to‘lqinsimon naqsh, safar libosida esa 12 ta chiziq (11 futbolchi va 1 muxlislar) ramziy ma’no kasb etadi.
Puma tomonidan ishlab chiqarilgan Kolumbiya uy libosi sariq asosda, Gabriel Garsia Markes asarlaridagi kapalaklar naqshi bilan bezatilgan. Jazoir liboslarida an’anaviy oltinrang naqshlar, Janubiy Afrika Respublikasi libosida esa 2010 yilgi mundial formasidan ilhom olingan.
Kichik ishlab chiqaruvchilar orasida Shvetsiya, Kyurasao va boshqa jamoalar bor. Footy Headlines saytiga asoslangan tahlillarga ko‘ra, liboslar dizayni, ranglari va ramziy elementlari bilan muxlislar e’tiborini tortadi. Liboslarning stadium va match turlari mavjud bo‘lib, ular mato va tayyorlanish texnologiyasi bilan farqlanadi.
Source: www.gazeta.uz