Tolibon yetakchisi Hibatulloh Oxundzoda guruh a'zolari va davlat xizmatchilariga smartfonlardan foydalanishni og'zaki buyruq bilan taqiqladi. Bu haqda KabulNow va Afghanistan International nashrlari xabar bermoqda.
Buyruq Oxundzodaning mamlakatning sakkizta hududidagi harbiy sudlar rahbarlari, politsiya boshliqlari va Tolibon razvedka xizmati rahbarlari bilan uchrashuvi chog‘ida berilgan. Farmoyish Tolibonning farmonlar ijrosini nazorat qilish va kuzatish departamenti tomonidan mamlakatning sakkizta hududidagi harbiy sudlarga yuborilgan.
Buyruqni buzgan shaxslar jinoyatchi deb hisoblanadi va harbiy sudlarga topshiriladi. Shuningdek, nazorat ostidagi har bir shaxsning ismi, lavozimi, xizmat joyi, mobil operatori va telefon raqami kiritiladigan maxsus nazorat ro‘yxati tuzilgan.
Buyruq e’lon qilinganidan keyin Tolibon a’zolari o‘z smartfonlarini sindirib tashlayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Paktika viloyatining Barmal tumani politsiya boshlig‘i va uning 14 nafar qo‘l ostidagi xodimi ham o‘z smartfonlarini yo‘q qilgan.
Buyruq qanday asosga ko‘ra berilgani va telefonlar uchun muqobil o‘laroq nimadan foydalanilishi ochiqlanmagan. Oxundzoda 2025-yil sentabr oyi oxirida internet va telefon aloqasini o‘chirishni buyurgandi va bu bilan Afg‘onistonni tashqi dunyodan uzib qo‘ygan. Uch kundan keyin internet yana ishlay boshlagan, biroq buning sababiga hech qanday izoh berilmagan. Ichki manbalarning aytishicha, parda ortida yuz bergan voqealar misli ko‘rilmagan darajada jiddiy bo‘lgan. “Qobul guruhi” Oxundzodaning buyrug‘iga qarshi chiqib, internetni qayta yoqqan.
Tolibonning oliy rahbari Oxundzoda internetga mutlaqo ishonmaydi. U internetdagi ma’lumotlarni dinga zid deb hisoblaydi. U bu fikrida shunchalik qattiq turadiki, har kuni ertalab yangiliklar va ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarni unga yordamchisi o‘qib beradi, deb yozadi BBC. “Qobul guruhi” bo‘lsa, zamonaviy davlat internetsiz yashay olmasligiga ishonadi.
Smartfonlar ishlatishga qo‘yilgan taqiqdan birmuncha vaqt oldin, Afghanistan International nashrining yozishicha, Tolibon Xalq ta’limi vazirligining Islomiy ta’lim departamenti tomonidan chiqarilgan alohida hujjat bilan, o‘quvchilarga maktab yoki diniy madrasalarga smartfon olib kelish taqiqlangan.
Toliblar Afg‘onistonda hokimiyatga 2021-yilning avgustida qaytgandi — g‘arb koalitsiyasi o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishi bilan ular mamlakat hududini nazorat ostiga olgan. Tolibon ilgari ham — 1996-yildan 2001-yilgacha Afg‘onistonni boshqargan bo‘lib, ular aksariyat davlatlar tomonidan tan olinmagan Afg‘oniston Islom Amirligi deb nomlangan tuzumni e’lon qilgandi. Bu tuzum 2001-yilda G‘arb davlatlari ko‘magida ag‘darilgan.
2020-yilning fevralida AQSh va Tolibon Dohada Afg‘onistonda tinchlik jarayonini boshlashi kerak bo‘lgan kelishuvni imzolagandi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, G‘arb o‘z qo‘shinlarini mamlakatdan olib chiqib ketishi, toliblar esa “Al-Qoida” bilan hamkorlikni to‘xtatishi va Afg‘onistonning rasmiy hukumati bilan muzokaralarni boshlashi kerak edi. Biroq muzokaralar jarayoni baribir boshlanmagan: 2021-yilda toliblar mamlakatni nazorat ostiga olayotgan paytda prezident Ashraf G‘ani BAAga qochib ketgan.
Gazeta bungacha Tolibon Afg‘onistonda shaxmat o‘ynashni, ayollarga jamoat joylariga yuzi ochiq holda chiqishni, mashinada musiqa qo‘yishni, vazirlarga xorijlik diplomatlar bilan uchrashishni, universitetlarda ayollar yozgan kitoblarni o‘qitishni taqiqlangani haqida yozgan.
Source: www.gazeta.uz