Raqobat qo‘mitasi Namangan, Samarqand va Navoiy viloyatlaridagi uchta tibbiyot muassasasida pulli xizmatlar uchun narxlarni belgilashda qonunchilik talablari buzilganini aniqladi. O‘rganishlar natijasida fuqarolardan 125 million so‘mga yaqin mablag‘ni asossiz undirish holatlari qayd etilgan.
Xususan, Namangan viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 2026-yil fevral, mart va aprel oylarida UZI xizmati bo‘yicha 416 nafar iste’molchidan jami 34,3 million so‘m asossiz olingani aniqlangan. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, mablag‘lar navbatdagi qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilmagan holda undirilgan.
“Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasiga ko‘ra, bir xil hajm va sifatdagi ishlar hamda xizmatlar uchun turli narxlar belgilash, shu jumladan ularni sun’iy ravishda oshirish yoki pasaytirish taqiqlanadi.
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani sog‘liqni saqlash bo‘limidagi o‘rganishda 2024−2025-yillarda pulli tibbiy xizmatlar uchun narxlarni belgilangan tartiblarga rioya qilmagan holda oshirish natijasida bemorlardan 55,7 million so‘mga yaqin ortiqcha mablag‘ olingani aniqlangan.
Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Navoiy viloyati filialida 2023−2025-yillarda pulli tibbiy xizmatlar narxlarini belgilangan talablarga rioya qilmagan holda oshirish holati aniqlangan. Natijada bemorlardan 35 million so‘mga yaqin ortiqcha mablag‘ olingan.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, Namangan, Samarqand va Navoiy viloyatlari hududiy boshqarmalari maxsus komissiyalari tomonidan ushbu uchta tibbiyot muassasasiga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilgan.
Muassasalarga tariflarni amaldagi tartib va talablar asosida qayta shakllantirish, narxlarni maqbullashtirish hamda 125 million so‘mga yaqin mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi 8 ta tibbiyot muassasasida narxlar bo‘yicha o‘rganish o‘tkazib, 127 mingdan ortiq bemordan 285,4 million so‘m ortiqcha pul undirilganini aniqlagan edi. Idora oltita shifoxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atgan va xizmatlar narxlarining o‘rtacha 5−10 foizga arzonlashishini ta’minlagan.
Source: www.gazeta.uz