Toshkent metropoliteni tarixida ilk bor bir kunda 1 million 200 mingdan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi. 28-sentabr kuni metrodan jami 1 200 124 nafar yo‘lovchi foydalandi, deb xabar qildi Toshkent metropoliteni matbuot xizmati.
Mazkur natija munosabati bilan metropoliten mas’ul xodimlari ishtirokida 1 200 000-yo‘lovchini aniqlash bo‘yicha maxsus tadbir tashkil etildi. Tadbir davomida ushbu ko‘rsatkichni qayd etgan yo‘lovchiga metropoliten jamoasi nomidan esdalik sovg‘asi hamda bir yil davomida jamoat transportidan bepul foydalanish imkonini beruvchi maxsus transport to‘lov kartasi topshirildi.
Metropoliten ma’muriyati qayd etilgan natija Toshkent shahri aholisi va mehmonlarining metro xizmatlariga bo‘lgan ishonchi va talabining ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi. Bu shahar transport tizimida metro muhim o‘rin tutayotganini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, 15-sentabrda Toshkent avtobuslaridan ham yo‘lovchilar soni bo‘yicha rekord qayd etilgandi. O‘sha kuni avtobuslar 1 520 113 nafar yo‘lovchi tashigandi. Bu ikki rekord jamoat transportiga bo‘lgan talabning yuqoriligini va shahar infratuzilmasining yuklamasini ko‘rsatadi.
Source: www.gazeta.uz