11-iyun kuni erta tongda Istanbulda sodir bo‘lgan og‘ir yo‘l-transport hodisasida o‘zbekistonlik 31 yoshli Aziza Xatamova, uning turmush o‘rtog‘i Sadik Gunden va ularning ikki oylik chaqalog‘i Temur Xon halok bo‘ldi.
Hürriyet gazetasining xabariga ko‘ra, Sabiha Go‘kchen aeroportidan qaytayotgan Sadik Gunden boshqaruvidagi yengil avtomobil xuddi shu yo‘nalishda ketayotgan yuk mashinasining orqa qismiga urilgan. Kuchli to‘qnashuv oqibatida avtomobil yuk mashinasining tagiga kirib ketgan va halok bo‘lganlar mashina ichida siqilib qolgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, oila Istanbulning Sanjaktepe tumanida istiqomat qilgan va to‘rt yildan beri oilaviy hayot kechirgan. Ularning Said Gunden ismli uch yoshli yana bir farzandi bor edi. Er-xotin soat erta bo‘lgani sababli uni o‘zlari bilan olmaganlari aytilmoqda.
Xabarda qayd etilishicha, chaqaloq Temur Xon yaqinda sunnat qilingan va yaqin kunlarda uning sunnat to‘yi o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Hodisa yuzasidan tergov ishlari boshlangan.
Source: www.gazeta.uz