Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

14-iyun kuni Shveysariyada mamlakat aholisi sonini 10 million kishigacha cheklash masalasi bo‘yicha referendum o‘tkazildi. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, ishtirokchilarning qariyb 55 foizi taklifga qarshi chiqdi, 45 foizi esa uni qo‘llab-quvvatladi, deb xabar berdi BBC News. Referendumda saylovchilarning 60 foizi qatnashdi.

Taklif uzoq vaqtdan buyon antiimmigratsion siyosatni targ‘ib qilib kelayotgan o‘ng qanotdagi Shveysariya xalq partiyasi (SVP) tomonidan ilgari surilgan edi. Bu ovoz berish mamlakat va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi erkin harakatlanish to‘g‘risidagi kelishuvni xavf ostida qoldirishi mumkin edi.

Hozirda Shveysariyada taxminan 9,1 million kishi yashaydi, ularning 27 foizini xorijliklar tashkil qiladi. Mamlakat aholisi 2002-yildan beri sezilarli darajada o‘sgan — o‘shanda aholi soni 7,3 million kishini tashkil etgan. Bunday o‘sish iqtisodiy yuksalish davrida mamlakatga ham past malakali mutaxassislar, ham yirik korporatsiyalarda ishlovchi yuqori maoshli xodimlarning ko‘plab jalb qilingani bilan izohlanadi.

SVP fikricha, aholi sonining ortishi Shveysariya infratuzilmasining ortiqcha yuklanishiga, ijara narxlarining oshishiga va mahalliy o‘ziga xoslikning yo‘qolishiga olib kelgan. Partiya aholi soni 2050-yilga qadar 9,5 million kishiga yetgan taqdirda hukumatni migratsiya qonunchiligini qat’iylashtirishga majburlashni taklif qilgan. Agar aholi soni 10 million kishiga yetsa, mamlakat hukumati mamlakatning eng yirik eksport bozori bo‘lgan Yevropa Ittifoqi bilan erkin harakatlanish to‘g‘risidagi kelishuvdan chiqishi kerak bo‘lar edi.

Boshqa barcha yirik partiyalar, hukumat a’zolari va biznes yetakchilari mazkur tashabbusga qarshi chiqqan. Ular immigratsiyani cheklash Shveysariya iqtisodiyotiga zarar yetkazishi, ishchi kuchi tanqisligini qoplash uchun xorijliklarni ishga jalb qilishni qiyinlashtirishi va mamlakatning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan.

Source: www.gazeta.uz