Apple kompaniyasi o‘z mahsulotlari narxini oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya bosh direktori Tim Kuk The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi. Narx oshishiga xotira chiplari va modullari narxining keskin ko‘tarilishi sabab bo‘lgan.
“Afsuski, narx oshishi muqarrar. Biz o‘z ustimizga tushgan katta xarajatlarni yumshatish uchun qo‘limizdan kelganini qilmoqdamiz va mijozlarimizni bu oshishdan himoya qilishga harakat qilmoqdamiz, ammo vaziyat barqaror bo‘lmay qoldi”, dedi Kuk.
Kompaniya rahbari qaysi mahsulotlar narxi oshishi va bu qachon sodir bo‘lishini aniq aytmadi. Kuk ta’kidlashicha, asosiy muammo – DRAM xotira narxlari, xususan, sun’iy intellekt serverlarida ishlatiladigan xotira narxining oshishi.
“Taklif qisqarayotgan bir paytda iste’molchilar qurilmalarni xohlaydi va xotira ishlab chiqaruvchilari katta narxlarni iste’molchilarga yuklamoqda. Bizga, albatta, xotira narxlari va taklifi iste’mol tovarlari uchun oqilona darajaga qaytishi kerak. Bu eng muhimi”, dedi Apple rahbari.
8 iyun kuni Apple iOS 27 operatsion tizimining yangi versiyasini taqdim etdi. Asosiy yangilik – qayta ishlangan Siri AI-yordamchisi bo‘lib, u sezilarli darajada aqlli va kengaytirilgan funksiyalarga ega. Yangilanish iPhone 11 va undan yangi modellar egalari, shuningdek, Apple ekotizimidagi boshqa qurilmalar foydalanuvchilari uchun mavjud. AI asosidagi kengaytirilgan Siri imkoniyatlari iPhone 16 va undan yangi modellar, iPhone 15 Pro, A17 Pro chipiga ega iPad mini, M1 va undan yangi protsessorli iPad, M1 va undan yangi chipga ega Mac, Apple Vision Pro, shuningdek, Apple Watch Series 10 va undan yangi modellarda qo‘llab-quvvatlanadi.
Shu kuni Apple’ning dasturiy ta’minot ishlab chiqish bo‘yicha katta vitse-prezidenti Kreyg Federigi ba’zi kompaniyalar AI sohasidagi texnologik taraqqiyotga intilib, odamlarni unutayotganini ta’kidladi.
Source: kun.uz