Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

18-iyunga o‘tar kechasi Moskva va Moskva viloyati so‘nggi ikki yil ichidagi Ukraina uchuvchisiz uchish apparatlarining eng yirik ommaviy hujumiga uchradi. Moskva meri Sergey Sobyanin poytaxtga qariyb 200 ta dron hujum qilganini ma’lum qildi.

Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, bir nechta dron Moskva neftni qayta ishlash zavodiga (MNPZ) yetib borishga muvaffaq bo‘lgan va uning hududida yong‘in boshlangan. MNPZ 16-iyunga o‘tar kechasi ham hujumga uchragan va shundan so‘ng o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan edi.

Dron parchalari “Sadovod” savdo majmuasi hududiga ham tushgan. Moskva merining ta’kidlashicha, u yerda binolardan biriga yengil shikast yetgan, jabrlanganlar yo‘q.

Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Moskvaning barcha to‘rtta aeroporti — Vnukovo, Domodedovo, Jukovskiy va Sheremetevo vaqtincha faoliyatini to‘xtatdi.

Hujum oqibatida Moskva viloyatida 17 kishi, jumladan ikki nafar bola jarohatlandi.

Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, payshanbaga o‘tar kechasi jami 17 ta Rossiya hududi hujumga uchragan, ular tepasida 555 ta uchuvchisiz uchish apparati “ushlab qolingan va yo‘q qilingan”.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy dronlarning Moskvaga uyushtirgan hujumini Rossiya zarbalariga “adolatli javob” deb atadi. “Bu kecha bizning uzoq masofali sanksiyalarimiz yana Moskva viloyatiga yetib bordi: bir hafta ichida ikkinchi marta Moskva neftni qayta ishlash zavodiga shikast yetkazildi”, — deb yozdi u.

Keyinroq Zelenskiy jurnalistlarga Rossiyaga qilingan so‘nggi hujumlar Rossiyaning Kiyevo-Pechersk lavrasiga bergan zarbasiga javob bo‘lganini aytdi. “Agar Ukraina yonadigan bo‘lsa, sizning Moskvangiz ham yonadi… Agar Putin bu urushni tugatishni istamasa, biz jim qarab o‘tirmaymiz. Javob qaytaramiz”, — dedi Ukraina prezidenti.

Source: www.gazeta.uz