Dominikan Respublikasining janubi-sharqiy qirg‘og‘idagi Bayahibe shahrida joylashgan Viva Wyndham Dominicus Beach Hotel mehmonxonasida juma kuni kuchli yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in natijasida bir ayol halok bo‘ldi va 1700 ga yaqin sayyoh evakuatsiya qilindi.
Mahalliy favqulodda vaziyatlar xizmati xabariga ko‘ra, halok bo‘lgan ayol 46 yoshli italyan fuqarosi Francheska Valentino ekanligi aniqlangan. Yong‘inda yana uch kishi kasalxonaga yotqizilgan, olti kishi esa joyida tibbiy yordam olgan.
Yong‘in deyarli butun mehmonxonani vayron qilgan. Mutaxassislarning dastlabki xulosalariga ko‘ra, olov tomning somondan qurilganligi va shamol tufayli juda tez tarqalgan. Mahalliy ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatilgan dron tasvirlarida oq qumli qirg‘oq bo‘yida qora tutun ko‘tarilayotgani va bir nechta somonli tom konstruksiyalari yonayotgani aks etgan.
Yong‘in o‘chirilgan bo‘lib, uning sabablarini aniqlash uchun tergov ishlari olib borilmoqda. Mehmonxona rahbariyati hozircha hech qanday bayonot bermagan.
Source: www.dw.com