Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Belarusni Rossiya armiyasiga yoqilg'i yetkazib berishni to'xtatishga chaqirdi. Aks holda, Ukraina avval oshkora, keyin esa boshqa choralarni qo'llashini ma'lum qildi. Bu haqda u «Yagona yangiliklar» telemarafonida bergan intervyusida aytdi.
19-iyun kuni Kiyevda Gonduras prezidenti Nasri Asfura bilan birgalikdagi matbuot anjumanida Zelenskiy Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoga bir hafta muddat berib, Rossiya uchuvchisiz uchish apparatlarining Ukrainadagi nishonlarga zarbalarini to'g'rilashda foydalaniladigan retranslyatorlarni olib tashlashni talab qilgan edi. Muddat 26-iyunda tugaydi.
Zelenskiy Belarusni Rossiya armiyasi uchun asosiy neft mahsulotlari yetkazib beruvchilardan biri deb atadi va Lukashenko buni to'xtatish imkoniyatiga ega ekanligiga ishonch bildirdi. Uning so'zlariga ko'ra, aynan Lukashenko bu jarayonni nazorat qiladi.
Avvalroq Belarus prezidenti «Al-Arabiya» telekanaliga bergan intervyusida Vladimir Zelenskiyga nisbatan keskin so'zlari uchun uzr so'ragan va Minsk urushga qo'shilmasligini ta'kidlagan edi.
Source: kun.uz