Jahon chempionati-2026 chorak finalining barcha ishtirokchilari ma’lum bo‘ldi. Turnirning navbatdagi bosqichiga yo‘llanmani Shveytsariya va Argentina terma jamoalari qo‘lga kiritdi.
1/8 finalning so‘nggi uchrashuvida Shveytsariya Kolumbiyani penaltilar seriyasida 4:3 hisobida mag‘lub etdi. Asosiy va qo‘shimcha vaqt 0:0 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Bu 1/8 final bosqichidagi yagona o‘yin bo‘lib, g‘olib faqat penaltilar seriyasida aniqlandi.
Ushbu g‘alaba tufayli shveytsariyaliklar 1954 yildan beri ilk bor jahon chempionati chorak finaliga chiqdi.
Avvalroq Atlantada Argentina Misrni 3:2 hisobida mag‘lub etib, ajoyib qaytish namoyish etdi. Misrliklar o‘yinni ishonchli boshladi: 15-daqiqada Yasser Ibrohim, 67-daqiqada Mostafa Ziko gol urdi. Argentina o‘yin oxirida vaziyatni o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi.
79-daqiqada Kristian Romero Lionel Messining uzatmasidan so‘ng hisobni qisqartirdi. To‘rt daqiqadan so‘ng Messining o‘zi hisobni tenglashtirdi va turnirdagi sakkizinchi golini urib, to‘purarlar poygasida peshqadamlikni mustahkamladi. Amaldagi jahon chempionlariga g‘alabani qo‘shimcha vaqtning ikkinchi daqiqasida Enso Fernandes Lautaro Martinesning uzatmasidan so‘ng keltirdi.
Ta’kidlash joizki, birinchi bo‘limda Lionel Messi penaltini amalga oshira olmadi – bu argentinaliklarning ushbu jahon chempionatidagi ikkinchi amalga oshirilmagan penaltisi.
JCH-2026 chorak final juftliklari: 9 iyul: Fransiya – Marokash; 10 iyul: Ispaniya – Belgiya; 11 iyul: Norvegiya – Angliya; 12 iyul: Argentina – Shveytsariya. Barcha chorak final o‘yinlari AQShda o‘tkaziladi. Yarim final 14 va 15 iyulda Arlington va Atlantada, final esa 19 iyulda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadi.
Source: kun.uz