Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov Zagreb shahrida bo‘lib o‘tgan Super Rapid & Blitz Croatia 2026 turnirida — Grand Chess Tour musobaqalarining uchinchi bosqichida ikkinchi o‘rinni egalladi. Turnir 1−5-iyul kunlari bo‘lib o‘tdi va unda dunyoning yetakchi shaxmatchilari ishtirok etdi.

Grand Chess Tour bitta musobaqa emas, balki mavsumiy elita shaxmat turnirlari seriyasidir. Polsha, Ruminiya, Xorvatiya va AQShdagi bosqichlar GCT-2026 taqvimiga kiritilgan. Har bir bosqichning o‘z g‘olibi, turnir jadvali va mukofot jamg‘armasi mavjud. Shu bilan birga, natijalar seriyaning umumiy hisobida ham inobatga olinadi: shaxmatchilar ishtiroki uchun Grand Chess Tour ochkolarini qo‘lga kiritadi. Besh bosqich yakunlariga ko‘ra, mavsumning eng yaxshi ishtirokchilari tur finaliga yo‘llanma oladi.

Yakuniy o‘yin kuni oldidan Alireza Firuzja blitsning birinchi kunida 9 partiyadan 8 ochko to‘plab, eng yaqin ta’qibchilaridan uch ochko oldinda edi. Biroq ikkinchi kuni u yetti partiyada 2 ochko jamg‘ardi va bu vaziyatdan Abdusattorov unumli foydalandi.

O‘zbekistonlik shaxmatchi kunni mag‘lubiyatsiz o‘tkazib, 9 partiyadan 6,5 ochko to‘pladi. U, jumladan, amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju va Ivan Sharichni mag‘lub etdi hamda musobaqa tugashiga ikki tur qolganda yakka peshqadamga aylandi.

Firuzja keyinchalik bu kunni “hayotimdagi eng yomon blits kuni” deb atadi. U musobaqani so‘nggi turdan bitta oldingisida Gukeshga qarshi partiyada saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi: fransiyalik shaxmatchi yutqazayotgan vaziyatda bo‘lishiga qaramay, raqibini chalg‘itib, g‘alaba qozondi. Shu tufayli u va Abdusattorov so‘nggi turdagi o‘zaro partiya oldidan teng ochko bilan keldi.

Asosiy musobaqaning hal qiluvchi partiyasida Firuzja va Abdusattorov durang o‘ynadi. Shundan so‘ng shaxmatchilar 8 daqiqa + 3 soniya nazoratidagi ikki tay-breyk partiyasini o‘tkazdi — ular ham durang bilan yakunlandi.

G‘olib armageddonda aniqlandi: Abdusattorov oq donada o‘ynadi va bir daqiqa ko‘proq vaqtga ega edi, ammo turnirda g‘olib chiqishi uchun unga faqat g‘alaba kerak bo‘lardi. Murakkab kurashda o‘zbekistonlik shaxmatchi ustunlikka erishish imkoniyatiga ega bo‘ldi, biroq undan foydalana olmadi va partiya durang ruxli endshpilga o‘tdi. Durang qora donalarda harakat qilgan Firuzjaga chempionlikni keltirdi.

Turnir yakunlariga ko‘ra, Firuzja va Abdusattorov 23,5 ochkodan to‘pladi. Maksim Vashe-Lagrav hamda Rameshbabu Praggnanandha 21,5 ochkodan jamg‘arib, uchinchi o‘rinni bo‘lishib oldi. Keyingi o‘rinlarni Vinsent Keymer — 20, Gukesh Dommaraju — 18,5, Anish Giri — 17, Bogdan-Daniel Dyak — 15, Yorden van Forest — 12,5 va Ivan Sharich — 7 ochko bilan egalladi.

Abdusattorov 42,5 ming dollar mukofot pulini qo‘lga kiritdi. Firuzja 47,5 ming dollar va Grand Chess Tour’ning 11 ochkosiga ega bo‘ldi. Xorvatiyada wildcard (maxsus taklifnoma) asosida ishtirok etgan o‘zbekistonlik shaxmatchi esa ushbu natija uchun GCT ochkolarini olmadi.

Shuningdek, u blits reytingidagi ko‘rsatkichini 2820 ochkoga yetkazib, jahon reytingida ikkinchi o‘rinni mustahkamladi. Eslatib o‘tamiz, u Gonkongda bo‘lib o‘tgan rapid va blits bo‘yicha jamoaviy jahon chempionatidan so‘ng blits reytingida 2800 ochkolik marrani zabt etib, nazorat turlaridan kamida bittasida bu natijaga erishgan ilk o‘zbekistonlik shaxmatchiga aylangan edi.

Super Rapid & Blitz Croatia turniri 1−5-iyul kunlari Zagreb shahrida bo‘lib o‘tdi. Dastlab ishtirokchilar 25 daqiqa + 10 soniya nazoratidagi rapid bo‘yicha aylanma tizimda, so‘ng 5 daqiqa + 2 soniya nazoratidagi blits bo‘yicha ikki davrali aylanma tizimda bahs olib bordi.

Source: www.gazeta.uz