Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) 7-iyul kuni Eron harbiylari tomonidan Hurmuz bo‘g‘ozidagi kemalarga qilingan hujumga javoban Eron hududidagi 80 dan ortiq harbiy obyektga zarba berganini e’lon qildi. Bu haqda CENTCOM matbuot xizmati xabar berdi.

CENTCOM ma’lumotlariga ko‘ra, zarbalar Eronning havo hujumidan mudofaa tizimlari, radiolokatsiya stansiyalari, kemalarga qarshi raketa majmualari va harbiy katerlariga qaratilgan. Ushbu hujum natijasida ko‘plab harbiy infratuzilma obyektlari yo‘q qilingan.

Bunga javoban Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IRGC) Bahrayn va Kuvaytdagi AQSh harbiy obyektlari bilan bog‘liq 85 ta nishonga raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari bilan zarba berganini ma’lum qildi. Bu ikki tomon o‘rtasidagi keskinlikning keskin oshganidan dalolat beradi.

AQSh va Eron o‘rtasida bir oydan kamroq vaqt oldin urushni tugatish va Hurmuz bo‘g‘ozini bloklashdan chiqarishni nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi. Biroq, CNN’ning yozishicha, tomonlar cheklangan zarbalar almashgan bo‘lsa-da, harbiy harakatlarning qayta boshlanishi vaziyatning jiddiy eskalatsiyasini anglatadi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Anqaradagi NATO sammitida Eron bilan tuzilgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amalda o‘z kuchini yo‘qotganini bildirdi. “Menimcha, [rejim] tugadi. Men endi ular [Eron] bilan hech qanday ishlarga aralashishni xohlamayman. Ular shunchaki ablah, kasal odamlar”, — dedi Tramp jurnalistlarga. U amerikalik muzokarachilar bilan hali gaplashib olishini, biroq keyingi muzokaralar “vaqtni behuda sarflash” ekanini qo‘shimcha qildi.

Britaniya dengiz savdosi agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, seshanba kuni Hurmuz bo‘g‘ozida ikkita tankerga, dushanba kuni esa yana bitta tankerga hujum qilingan. Tehron ushbu hujumlar uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmadi, ammo AQSh rasmiylari o‘q otish Eron tomonidan amalga oshirilganiga ishonch bildirdi.

AQSh Moliya vazirligi ushbu hujumlardan so‘ng Eron neftini sotishga ruxsat beruvchi avvalroq berilgan litsenziyani qaytarib oldi. Bu Eron iqtisodiga qo‘shimcha bosim o‘tkazish maqsadida qilingan qadam sifatida baholanmoqda.

Eron TIV, o‘z navbatida, so‘nggi harbiy eskalatsiya uchun mas’uliyatni AQSh zimmasiga yukladi va Vashingtonni “shartnomani buzish”da aybladi. Tashqi siyosat mahkamasi bayonotida AQShning Eronga bergan zarbalari, neftga qarshi qaytadan sanksiyalar joriy etish qarori hamda Livanda davom etayotgan harbiy harakatlar “urushni tugatish to‘g‘risidagi kelishuvning muhim va fundamental qoidalarini yo‘qqa chiqardi” deb ta’kidlandi.

Source: www.gazeta.uz