Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropa va Markaziy Osiyoda yaqin kunlarda kutilayotgan haddan tashqari issiqlik to‘lqinlari haqida ogohlantirdi. Tashkilot hukumatlarni iqlim xavflariga hozirdanoq tayyorgarlik ko‘rishga chaqirmoqda, chunki kuchli jazirama aholi salomatligi uchun eng jiddiy tahdidlardan biriga aylanmoqda.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoning ayrim hududlarida havo harorati allaqachon 40 darajadan oshgan. Yaqin kunlarda anomal issiqlik Yevropada ham kuchayadi: Portugaliya va Ispaniya janubida 43 darajagacha kutilmoqda, keyin yuqori harorat Fransiya va Benilyuks mamlakatlariga tarqaladi.
JSSTning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy direktori Xans Klyuge ta’kidlashicha, haddan tashqari issiqlik endi faqat ob-havo hodisasi emas. “Issiqlik — jim qotil, ammo uning oqibatlarining oldini olish mumkin”, dedi u.
Tashkilot bahosiga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi vaziyat alohida tashvish uyg‘otmoqda, chunki yuqori harorat oqibatlari infratuzilmaning zaifligi, sovutiladigan jamoat joylarining yetishmasligi va aholining yetarli darajada xabardor emasligi tufayli kuchaymoqda.
JSSTda qayd etilishicha, Yevropa mintaqasi va Markaziy Osiyo davlatlarining yarmidan kami haddan tashqari issiqlikka qarshi kompleks chora-tadbirlar rejalariga ega. Shu sababli millionlab odamlar harorat rekordlari davrida tizimli himoyasiz qolmoqda.
Eng katta xavf ostida keksalar, surunkali kasalliklari bo‘lgan bemorlar, uysizlar va yolg‘iz fuqarolar. Issiqlik paytida suvsizlanish, issiqlik urishi va yurak-qon tomir tizimi kasalliklarining asoratlari ehtimoli sezilarli darajada oshadi.
Shu bilan birga, bunday rejalarni joriy qilgan mamlakatlar samaraliroq javob ko‘rsatmoqda. Xususan, o‘lim holatlarini kuzatish tizimlari, aholini tezkor xabardor qilish mexanizmlari va eng zaif toifadagi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari qo‘llanilmoqda.
JSST davlatlarga haddan tashqari issiqlikka qarshi milliy rejalarni ishlab chiqish, sovutiladigan jamoat joylarini yaratish, tibbiyot muassasalarining iqlimiy chaqiriqlarga chidamliligini oshirish, aholini xabardor qilish tizimlarini takomillashtirish va tabiiy yechimlardan — shaharlarda havo haroratini pasaytirishga yordam beradigan ko‘kalamzorlashtirish, bog‘lar va suv havzalarini ko‘paytirishdan faol foydalanishni tavsiya qiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, aynan oldindan tayyorgarlik haddan tashqari issiqlik davrlarida qurbonlar sonini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston FVV yozgi jazirama va yong‘in xavfi ortishi munosabati bilan profilaktika choralarini kuchaytirgani haqida xabar bergan edi.
Source: podrobno.uz