Yaman husiylari Saudiya Arabistoniga qarshi dengiz blokadasini joriy etishni e'lon qildi. Bu qaror Saudiya boshchiligidagi koalitsiya tomonidan Sano aeroportiga hujum qilinishiga javob sifatida qabul qilindi.
Husiylar bayonotida blokada “ko‘zga ko‘z” tamoyiliga asoslanganini va Saudiya tomonidan 12 yil davomida amalga oshirilgan “adolatsiz qamal”ga javob ekanini ta’kidladi. Guruh “barcha variantlarga to‘liq tayyor” ekanini bildirib, Saudiya tomonidan har qanday “ahmoqona” harakat “keng qamrovli va qat’iy” javobga uchratilishi haqida ogohlantirdi.
Blokada e’lon qilinishidan bir necha kun oldin husiylar Sano aeroportiga hujumda Saudiya Arabistonini ayblagan edi. Bunga javoban ular Saudiya Arabistonidagi Abxa xalqaro aeroportiga ballistik raketalar otgan. Saudiya koalitsiyasi raketalarni muvaffaqiyatli tutib olganini ma’lum qildi.
Husiylarning dengiz blokadasini qanday amalga oshirishi hozircha noma’lum. Biroq, bu Bab al-Mandab bo‘g‘ozida xalqaro kemachilikka qayta hujum qilish xavfini tug‘diradi. 2023-yilda G‘azoga hujumlar boshlanganidan keyin husiylar ushbu bo‘g‘ozda kemalarga hujum qilib, global savdoni izdan chiqargandi.
Bab al-Mandab bo‘g‘ozi dunyodagi eng muhim neft yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, 2024-yilda u orqali taxminan 4,1 milliard barrel neft va neft mahsulotlari tashilgan. Agar bu yo‘l to‘silsa, global neft va gaz ta’minotining 25 foizi xavf ostida qolishi mumkin.
Blokada Saudiya Arabistonining neft eksportiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. Qirollik allaqachon Hormuz bo‘g‘ozidagi blokada tufayli muqobil yo‘llarni izlamoqda. Yanbu portidan Bab al-Mandab orqali jo‘natiladigan neft hajmi keskin oshgan.
Husiylar harakatlari Yaman urushida yangi bosqichni boshlab berdi. Guruh aholini umumiy safarbarlikka chaqirib, “barcha stsenariylarga” tayyor bo‘lishni talab qildi.
Source: www.aljazeera.com