Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

FIFA prezidenti Janni Infantino tashabbusi bilan kengaytirilgan formatda o‘tgan 2026-yilgi jahon chempionati tashkilot tarixidagi eng yirik, eng serdaromad va eng shov-shuvli turnirga aylandi. Atigi 11 yil oldin poraxo‘rlik va korrupsiya tufayli deyarli barbod bo‘lgan tashkilotda hozir har qachongidan ham ko‘proq pul aylanmoqda.

FIFA moliyasi turnirga bog‘liq to‘rt yillik sikllar asosida yuritiladi. Har to‘rt yildan uchtasidan FIFA zarar bilan chiqadi. To‘rtinchisida, ya’ni erkaklar o‘rtasidagi Jahon chempionati o‘tadigan yilda esa o‘sha zararlarni qoplaydi va ustiga qo‘shimcha foyda ham oladi. Tashkilotning 2023−2026-yillardagi sikl uchun umumiy daromadi 13 mlrd dollar miqdorida (oldingi siklga nisbatan 70 foizdan ziyodroq o‘sish) rejalashtirilgandi. 13 mlrd dollardan 9 mlrd dollari 2026-yilda — deyarli barchasi Jahon chempionati hisobiga olinishi kutilgandi.

Turnir yakuniga kelib FIFA prezidenti Janni Infantino 2023−2026-yillardagi sikl uchun tashkilotning umumiy daromadlari joriy yilda 15 mlrd dollardan ortishi kutilayotganini ma’lum qildi. Bu daromadlar joriy siklning o‘zida 2027−2030-yillardagi keyingi siklda olinishi kutilayotgan 14 mlrd dollardan ham oshib ketishini anglatadi.

Infantino 2026-yilgi Jahon chempionatining katta muvaffaqiyat bilan o‘tishi butun dunyo bo‘ylab futbolga investitsiya kiritish uchun “bugun foydalanilmayotgan yangi imkoniyatlar” yaratgani hamda futbolni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkilotning “tijoriy salohiyati va imkoniyatlarini ishga solishni” ko‘zlayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u “200 dan ortiq” a’zo assotsiatsiyalar uning navbatdagi (uchinchi to‘liq muddatga) qayta saylanishini qo‘llab-quvvatlashga va’da berganini tasdiqladi.

Ayni paytda Infantino atrofidagi tanqidlar har qachongidan ham kuchliroq yangramoqda: chiptalarning misli ko‘rilmagan narxlari, taymlarni bo‘lib qo‘yayotgan suv ichish tanaffuslari, Donald Tramp bilan oshkora yaqinlik va boshqa mojarolar uning 2027-yilda qayta saylanish istiqbollariga soya solib turibdi. Umuman, Infantino davrida FIFAʼda ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi, siyosiy betaraflik va tashkilot faoliyatining shaffofligi borasida savollar ko‘paymoqda.

The Athletic nashri FIFA moliyasiga bag‘ishlangan katta tahliliy maqola e’lon qildi. Maqola mualliflari tashkilot faoliyati va so‘nggi yigirma yillikka oid moliyasini chuqur o‘rganib, Infantino davrida tobora boyib borayotgan FIFA pulni qayerdan olyapti va qayerga sarflayapti, degan savollarga javob izlaydi. Gazeta ushbu maqolaning tarjimasini keltiradi.

FIFAʼning 2023−2026-yillar uchun jami daromadi 13 mlrd dollar (9,7 mlrd funt sterling) miqdorida rejalashtirilgan — bu oldingi to‘rt yillik siklga nisbatan 70 foizdan ziyodroq o‘sish degani. 13 mlrd dollardan 9 mlrd dollari 2026-yilda kelishi kutilmoqda va ularning deyarli barchasi Jahon chempionati hissasiga to‘g‘ri keladi. Yakuniy raqamlar bundan ham kattaroq bo‘ladiganga o‘xshaydi.

FIFAʼning ko‘lami inson aqlini shoshiradi. Futbolga imkon qadar ko‘proq pul qaytarish maqsadi ulkan xarajatlarni talab etadi. 13 mlrd dollarlik daromad bilan birga, notijorat tashkilot hisoblangan FIFA 12,9 mlrd dollar sarflashni rejalashtirgan, bu esa zaxiralarni to‘ldirish uchun tashkilot ixtiyorida atigi 100 mln dollar mablag‘ qolishini anglatadi.

Shunga qaramay, so‘nggi ikki siklning har birida FIFA o‘zining 100 mln dollarlik rejasidan ancha yuqori, ya’ni 1,2 mlrd dollarlik profitsit qayd etgan. Zaxiralar esa hatto endigina yakunlangan Jahon chempionatidan avval, 2025-yil oxiridayoq 2,7 mlrd dollarni tashkil etgan edi. FIFAʼning naqd pul zaxirasi 1,2 mlrd dollargacha oshgan; tashkilot qariyb 6 mlrd dollarlik obligatsiyalar, investitsiyalar va depozitlarga ega.

Source: www.gazeta.uz